Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sardor Murodovga davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan parlament so‘rovi yuborildi. Bu haqda Qonunchilik palatasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, keyingi yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarning aksiya paketlari va ulushlari, ko‘chmas mulk obyektlari hamda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari ochiq elektron savdolarga chiqarilgan.
Natijada 2021−2024-yillarda 47 trln so‘mlik davlat aktivlari sotilgan. Bu avvalgi o‘n yillikdagi ko‘rsatkichdan 30 baravar ko‘p bo‘lib, davlat ishtirokidagi korxonalar soni ikki baravarga, iqtisodiyotdagi davlat ulushi esa 13% ga qisqargan.
Shu bilan birga, deputatlar xususiylashtirish dasturining ayrim maqsadli ko‘rsatkichlari bajarilmaganini ta‘kidladi.
Xususan, davlat aktivlarini sotishdan tushgan mablag‘larni respublika budjetiga o‘tkazish rejasi 66,3%, davlat mulki bo‘lgan bo‘sh turgan noturar bino va inshootlar hamda foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini ijaraga berish rejasi esa 34% darajasida bajarilgan.
Bundan tashqari, agentlik tomonidan savdoga chiqarilgan davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarning 1 321 ta aksiya paketi bo‘yicha monitoring to‘liq olib borilmagani qayd etildi.
Qo‘shimcha qilinishicha, ushbu holatlar davlat aktivlarini realizatsiya qilish mexanizmlarini yana-da takomillashtirish hamda xususiylashtirish jarayonlarida ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Belgilangan vazifalar ijrosi ustidan tizimli nazoratni ta‘minlash zarurligi ta‘kidlandi.
Spot, avvalroq, Qonunchilik palatasi ulushli qurilish bo‘yicha qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgani haqida yozgandi.