Elita Stroy Building hamda Glamur Gold qurilish kompaniyalariga reklama qonunchiligini buzgani uchun moliyaviy jarima qo‘llanildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Prezident qarori (PQ-4732-son) bilan, tasdiqlangan nizomga ko‘ra, ulush kiritish asosida qurilayotgan ko‘p kvartirali uylar faqat quruvchilar elektron reyestriga kiritilgandan keyingina reklama qilinishi mumkin.
Raqobat qo‘mitasi o‘rganuvi davomida Elita Stroy Building va Glamur Gold kompaniyalarining turar joy majmualari elektron reyestrga kiritilmagani, biroq ular ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilinayotgani aniqlangan.
Qo‘mita buni “Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 16-moddasi talablari buzilishi sifatida baholadi.
Mazkur moddaga ko‘ra, ishlab chiqarilishi yoki realizatsiyasi qonun bilan taqiqlangan, shuningdek zarur ruxsatnomalar yoki boshqa majburiy hujjatlarga ega bo‘lmagan tovar va xizmatlarni reklama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shu asosda qo‘mita maxsus komissiyasi har ikki kompaniyaga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Shuningdek, ularga qonunbuzarlikni bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Spot, avvalroq, Salar kanaliga oqova suv tashlagan qurilish kompaniyasiga 2,2 mlrd so‘m kompensatsiya hisoblangani haqida yozgandi.