Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi qurilish ishlari vaqtida oqova suv quvuriga shikast yetkazilishi oqibatida Salar kanaliga suyuq chiqindilar oqizilgani tasdiqlandi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mita ma‘lumotiga ko‘ra, Shota Rustaveli ko‘chasida B.B. korxonasi (gap Better Best kompaniyasi haqida ketmoqda — Spot izohi) tomonidan ko‘p qavatli turar joy qurilishi davomida shahar oqova suv tarmog‘iga tegishli quvur shikastlangan.
Oqibatda quvurning bir qismi o‘pirilib tushgan, to‘planib qolgan oqova suvlar esa maxsus nasoslar yordamida hech qanday tozalashsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri Salar kanaliga chiqarilgan.
Laboratoriya tahlillari natijasida suv namunalarida neft mahsulotlari qoldiqlari me‘yordan 5,02 baravar, ammoniy azoti 43,5 baravar, kimyoviy kislorod sarfi (XPK) 4,9 baravar, muallaq moddalar esa 13,6 baravar yuqori ekani aniqlangan.
Shuningdek, ifloslangan tuproq namunalarida ham neft mahsulotlari qoldiqlari aniqlangan. Qo‘mita ma‘lumotiga ko‘ra, qurilish kompaniyasi 63 936 kub metr suyuq chiqindini Salar kanaliga ruxsatsiz oqizgan.
Holat yuzasidan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi qonun va Suv kodeksi talablari buzilgani uchun 2 mlrd 160 mln so‘m, yerning ifloslanishi uchun esa yana 60 mln so‘m miqdorida kompensatsiya hisoblangan.
Natijada korxona zimmasiga jami 2 mlrd 220 mln so‘mlik kompensatsiya to‘lash majburiyati yuklatildi.
Iyul oyi boshida Better Best korxonasiga qarashli qurilish obyektida kanalizatsiya tarmog‘i shikastlanib, yer o‘pirilgandi. Oqova suv quvuriga qurilish ishlari vaqtida shikast yetkazilgan.
Spot, avvalroq, Toshkentdagi 1700 ga yaqin qurilish obyektida yangi ekologik va xavfsizlik talablari joriy etilishi haqida yozgandi.