Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar instituti barcha iste’molchilar uchun issiqlik ta’minoti tariflarini kompensatsiya qilishdan ehtiyojmand uy xo‘jaliklarini ijtimoiy manzilli qo‘llab-quvvatlashga o‘tishni taklif qildi. Tashabbus 30-iyul kuni fiskal muloqotda taqdim etildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
Taqdimotga ko‘ra, 2026-yilda respublika bo‘yicha issiqlik ta’minoti uchun subsidiyalarning umumiy hajmi 3,8 trln so‘mni tashkil etadi, shundan 2,9 trln so‘mi (77%) Toshkentga to‘g‘ri keladi. Bunda aholi bazaviy tarifning 20% dan kamrog‘ini to‘laydi (Gkal uchun 711,6 ming so‘m), qolgan 80% esa byudjetdan kompensatsiya qilinadi.
Tashabbus mualliflarining ta’kidlashicha, Toshkentda markazlashgan issiqlik ta’minoti yirik byudjet kompensatsiyasi hisobidan moliyalashtiriladi. Shu bilan birga, aksariyat hududlarda isitish xarajatlarini asosan uy xo‘jaliklari qoplaydi.
Institut amaldagi tizimning kamchiliklari sifatida qo‘llab-quvvatlash uy xo‘jaliklarining daromadlari va mulkiy holatidan qat’i nazar berilishini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, taqdimotda yuridik shaxslar tariflarida yagona yondashuv mavjud emasligi qayd etilgan: byudjet tashkilotlari uchun tarif Gkal uchun 952,8 ming so‘mni, boshqalar uchun esa 342,3 ming so‘mni tashkil etadi.
Amaldagi model o‘rniga bosqichma-bosqich ijtimoiy normani joriy etish taklif etilmoqda. Bazaviy norma sifatida uy xo‘jaligiga 60 kv.m yoki har bir ro‘yxatdan o‘tgan yashovchiga 16 kv.metr hisobidan yuqoriroq me’yor belgilash taklif etilmoqda. Belgilangan ijtimoiy normadan ortiq maydon uchun bazaviy tarif bo‘yicha, ya’ni amaldagi tarifdan besh baravar ko‘p haq to‘lash taklif etilmoqda.
Shuningdek, institut ikkinchi va undan keyingi uy-joyni bosqichma-bosqich bazaviy tarifga o‘tkazishni — 40% dan 100% gacha, yuridik shaxslar uchun esa bazaviy tarif bo‘yicha to‘lov ulushini 60% dan 80% gacha, undan keyin 100% gacha oshirishni taklif qilmoqda.
O‘rta muddatli istiqbolda Ijtimoiy himoya yagona reyestri orqali ehtiyojmandlarga manzilli pul yordami ko‘rsatishga tashabbusi bildirildi. Taqdimotda, shuningdek, aholining katta qismi uchun amaldagi shartlar saqlanib qolishi qayd etilgan: Toshkentda maydoni 60 kv.metrgacha bo‘lgan 45,4% xonadon uchun to‘lov tartibi o‘zgarmaydi.
Avvalroq Spot Nukusda $20 mlnga yangi qozonxona qurilishi haqida yozgan edi.
