Iyun oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozoridagi faollik sezilarli oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida keltirilgan (nusxasi Spot’da mavjud).

Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan oyda ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni 25 mingdan oshib, may oyiga nisbatan 23% ga ko‘paygan.

Bitimlar sonining o‘sishi mamlakatning barcha hududlarida kuzatilgan. Oylik hisobda eng yuqori o‘sish Buxoro viloyatida — 50,1%, Navoiyda — 41,5% va Samarqandda — 31,8% qayd etilgan. Nisbatan mo‘tadil o‘sish Andijon (17,9%), Toshkent viloyati (12,2%) hamda Xorazm (0,9%) viloyatlarida kuzatilgan.

Yillik hisobda esa eng yuqori o‘sish Toshkent shahrida — 35,7%, Sirdaryoda — 26,9%, Navoiyda — 26,3% va Qoraqalpog‘istonda — 23,3% qayd etilgan. Shu bilan birga, Jizzax (5,7%), Farg‘ona (3,6%) va Toshkent viloyati (3,3%) da o‘sish sur’atlari nisbatan past bo‘lgan.

Shuningdek, 2026-yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, mamlakatda 171 mingdan ortiq ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25,3% yoki 34,5 mingta ko‘pdir.

Yanvar-iyun oylarida barcha hududlarda ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni oshdi. Eng yuqori o‘sish Sirdaryo (36,4%), Toshkent shahri (34,9%) va Navoiy (30%) hissasiga to‘g‘ri kelgan. Xorazm (16,7%), Buxoro (15,4%) va Farg‘ona (12,1%) viloyatlarida esa o‘sish sur’atlari nisbatan mo‘tadil bo‘lgan.

2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 13,1 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 38% ko‘p. Kreditlar 42,6 ming nafardan ortiq fuqaroga berilgan bo‘lib, mablag‘larning 75%i birlamchi uy-joy bozoriga yo‘naltirildi. Hududlar orasida eng katta hajmdagi ipoteka kreditlari Toshkentga (4,01 trln so‘m) to‘g‘ri keldi.

Avvalroq Spot eskrou tizimi joriy etilishi uy-joy narxlari oshishiga olib kelishi mumkinligi haqida yozgan edi.