Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Kadastr agentligi faoliyatini isloh qilish va aholi hamda tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni soddalashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilantanishgani haqida yozgandi.
Davlat rahbari raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda kadastr xizmatlarida “bitta ariza — bitta to‘lov” tizimi tashkil etilishi, shuningdek, “Kadastr maslahat burchagi” va “Tezkor kadastr” xizmatlarini yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Taqdimotning asosiy mavzularidan biri yerdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurash bo‘ldi.
Unda yer nazorati sohasida ma’muriy va jinoiy javobgarlik kuchaytirilgani natijasida ijobiy natijalarga erishilgani qayd etildi.
Shu bilan birga, faqat jarimalarni oshirish bilan cheklanmasdan, huquqbuzarlik oqibatlarini bartaraf etish va fuqarolarni qonuniy faoliyat yuritishga undaydigan mexanizmlarni joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Xususan, 2018-yilgacha o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga nisbatan jarima qo‘llamaslik taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, noqonuniy qurilish ixtiyoriy ravishda buzib tashlansa, javobgarlik yengillashtiriladi.
Shuningdek, ko‘chmas mulk huquqini belgilangan muddatda birinchi marta ro‘yxatdan o‘tkazmagan shaxslarga jarima o‘rniga ogohlantirish beriladi.
Prezident yer sohasidagi ma’muriy javobgarlikni maqbullashtirish bo‘yicha takliflarni ma’qulladi. Mas’ullarga, shuningdek, xizmatlarni soddalashtirish va ortiqcha to‘lovlarni qisqartirish choralarini ko‘rish topshirildi.
Avvalroq Spot New Port turar joy majmuasi qurilishi va uy buzilishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida yozgandi.
Poytaxt prokuraturasi majmua hududida qurilishga ruxsat olinmasdan beshta turar joy binosi barpo etilganini ma‘lum qildi.