O‘zbekistonda “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Qonunga ko‘ra, avtomobil yo‘llari umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalari (ichki avtomobil yo‘llari), shuningdek xo‘jalik avtomobil yo‘llariga bo‘linadi.
Hujjat bilan avtomobil yo‘llari foydalanish rejimiga ko‘ra bepul yoki belgilangan tartibda pulli bo‘lishi mumkinligi belgilandi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari davlat mulki hisoblanadi. Ular Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tasarrufida bo‘lib, cheklanmagan doiradagi transport vositalari harakati uchun mo‘ljallanadi.
Shuningdek, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining ajratilgan mintaqasi uchun minimal o‘lchamlar ham belgilandi. Unga ko‘ra, I toifali yo‘llarda bu hudud 80 metrni, II toifali yo‘llarda 60 metrni, III va IV toifali yo‘llarda 40 metrni, V toifali yo‘llarda esa 25 metrni tashkil etadi.
Qonunga muvofiq, avtomobil yo‘llarini saqlash va ta‘mirlash ishlari yo‘l egalari tomonidan, zarur hollarda ixtisoslashtirilgan tashkilotlar jalb qilingan holda amalga oshiriladi.
Yirik gabaritli va og‘ir vaznli transport vositalarining avtomobil yo‘llarida harakatlanishiga faqat maxsus vakolatli organ yoki uning tizimidagi idoralar tomonidan berilgan maxsus ruxsatnoma asosida ruxsat etiladi.
Bundan tashqari, pulli avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qaror prezident yoki Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi.
Bunda rejalashtirilayotgan pulli avtomobil yo‘li bilan bog‘liq hududlar o‘rtasida lozim darajadagi va foydalanish holatidagi muqobil bepul yo‘l mavjud bo‘lishi shart.
Qonunga ko‘ra, haydovchilar operator bilan ommaviy shartnomani pulli yo‘lga kirish, to‘lov punktida haq to‘lash yoki yo‘l talonini xarid qilish orqali tuzadi.
Shuningdek, pulli avtomobil yo‘llarida undiriladigan to‘lov transport vositalarining yuqori tezlikda harakatlanishi va butun yo‘nalish bo‘ylab yuqori darajadagi servis xizmatlari ta‘minlanishi sharti bilan joriy etiladi.
Spot, avvalroq, Toshkentda $1 mlrdga ikki qavatli halqa pulli yo‘li qurilishi rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.