Xitoyning Loong Air aviakompaniyasi O‘zbekistonga parvozlar geografiyasini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati ma’lum qildi.
6-avgust kuni Uzbekistan Airports rahbariyati kompaniyaning marketing departamenti bosh menejeri Syao Vey boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda hamkorlikni rivojlantirish va parvozlar sonini oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvning asosiy mavzusi Sian-Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslarni yo‘lga qo‘yish bo‘ldi.
Tomonlar yangi yo‘nalishning tijoriy va turistik salohiyatini ko‘rib chiqib, Farg‘ona vodiysida xitoylik investorlar faolligi ortayotgani hamda mintaqadagi investitsiya loyihalarida ishlayotgan Xitoy fuqarolari soni ko‘payayotganini ta’kidladi.
“Ushbu omillar yangi yo‘nalishda barqaror yo‘lovchi oqimini yaratish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi”, — deya ta’kidladi Uzbekistan Airports tijorat departamenti.
Uchrashuv yakunida tomonlar Sian-Farg‘ona reyslarini ochish masalasini ishlab chiqishni davom ettirishga kelishib oldi.
Shuningdek, Sian-Toshkent va Sian-Samarqand yo‘nalishlarida qo‘shimcha reyslarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham hamkorlik davom ettiriladi.

Bundan tashqari, Loong Air vakillari Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov bilan muzokaralar o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida turizm hamda fuqaro aviatsiyasi sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Xitoy O‘zbekiston uchun eng muhim xorijiy turizm bozorlaridan biri ekani ta’kidlandi. 2025-yilda mamlakatga 278,9 ming nafar Xitoy fuqarosi tashrif buyurgan bo‘lsa, 2026-yilning birinchi yarmida ularning soni yana 223,5 ming nafarga yetdi.
Tomonlar Loong Air tomonidan amalga oshirilayotgan reyslar sonini ko‘paytirish, shuningdek, yangi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini birgalikda tahlil qilish masalasini ham muhokama qildi.
Loong Air O‘zbekistonga parvozlarni 2023-yil fevral oyida yo‘lga qo‘ygan. Hozirda aviakompaniya Sian-Samarqand, Chendu-Toshkent va Sian-Toshkent yo‘nalishlarida muntazam reyslarni amalga oshirmoqda.