AQSH prezidenti Donald Tramp tug‘ilish orqali Amerika fuqaroligini olishni cheklovchi farmonlarni imzoladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
6-avgust kuni imzolangan hujjatlar “tug‘ruq turizmi"ni cheklashga qaratilgan. Bu amaliyotda homilador chet el fuqarolari AQSHga farzandini shu yerda dunyoga keltirish uchun keladi va natijada bola Konstitutsiyaga muvofiq AQSH fuqaroligini oladi.
Farmonlardan biri Davlat departamenti va Ichki xavfsizlik vazirligiga “tug‘ruq turizmi” bo‘yicha tijoriy sxemalarda ishtirok etayotgan chet elliklarning AQSHga kirishini cheklash, jumladan ularga umrbod kirish taqiqini qo‘llash huquqini beradi.
“Ushbu farmonning imzolanishi bilan tug‘ruq turizmi amaliyoti taqiqlanadi”, — dedi Trampning ichki xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Stiven Miller.
Uning so‘zlariga ko‘ra, chet elliklar yillar davomida sayyoh sifatida AQSHga kelib, farzandlarini shu yerda dunyoga keltirish orqali ularga Amerika fuqaroligini olib bergan.
Natijada ular faqat AQSH fuqarolariga tegishli ijtimoiy yordam va boshqa imtiyozlardan foydalanish imkoniga ega bo‘lgan.
Ikkinchi farmon AQSH fuqaroligini olish huquqiga ega bo‘lmaydigan bolalar toifasini kengaytiradi. Endilikda bunga “tug‘ruq turizmi"ni tashkil etuvchi tijoriy sxemalar ishtirokchilari farzandlari hamda xorijiy hukumat xodimlarining bolalari ham kiradi.
Bungacha AQSH hududida tug‘ilgan deyarli barcha bolalarga, xorijiy diplomatlar farzandlaridan tashqari, 1868-yilda qabul qilingan AQSH Konstitutsiyasining 14-tuzatishiga muvofiq avtomatik ravishda Amerika fuqaroligi berilardi.
Farmonlarni imzolash marosimida Tramp xorijliklar “tug‘ruq turizmi” asosida “biznes yaratayotganini” aytdi. “Ular o‘zlariga [AQSHga] ruxsatnoma sotib olishmoqda, lekin biz bunga boshqa yo‘l qo‘ymaymiz”, — dedi AQSH prezidenti.
Shuningdek, Donald Tramp iyun oyi oxirida AQSH Oliy sudi chiqargan qarorga ham izoh berdi. Sud 6 ga 3 ovoz bilan AQSHda tug‘ilgan noqonuniy migrantlar va vaqtincha kelgan chet elliklar farzandlari Amerika fuqarosi hisoblanishi haqidagi tartibni saqlab qoldi.
Tramp bu qarorni “juda omadsiz” deb atab, ma’muriyati vaziyatni “to‘g‘rilashini” aytdi. U, shuningdek, yangi farmonlar Konstitutsiyaga zid deb topilmasligiga ishonch bildirdi.
Huquq himoyachilari esa yangi farmonlarni tanqid qildi. UnidosUS tashkiloti vakili Debora Fleyshaker ularni Oliy sud qarorini chetlab o‘tishga urinish va 150 yildan ortiq amal qilib kelayotgan konstitutsiyaviy huquqqa putur yetkazish deb baholadi.
Avvalroq Spot AQSH 60 ta davlatga, jumladan Qozog‘istonga qarshi yangi bojlar joriy etgani haqida yozgandi.