O‘zbekistonda yosh oilalarga uy-joy sotib olish uchun ipoteka krediti foiz xarajatlarining bir qismini qoplab berish tartibi ishlab chiqilmoqda. Markaziy bank bu bo‘yicha hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Unga ko‘ra, 2027−2030-yillarda har yili 10 mingtadan, jami 40 ming nafar yosh oilaga Davlat uy-joy dasturi doirasida birlamchi bozordan kvartira xarid qilish uchun ipoteka kreditlari ajratiladi.
Ushbu kreditlarning dastlabki besh yili davomida foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan yuqori qismi davlat budjeti hisobidan qoplanadi. Subsidiyalar ijtimoiy mezonlar asosida tanlangan oilalarga beriladi.
Loyihada “yosh oila” tushunchasiga ham aniqlik kiritilgan. Unga ko‘ra, ariza topshirilgan paytda er-xotin 30 yoshdan oshmagan (31 yoshga to‘lmagan) va nikohi qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak.
Shuningdek, farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan, 30 yoshdan oshmagan ajrashgan ota yoki ona ham ushbu toifaga kiradi. Boshlang‘ich badal xarid qilinayotgan kvartira qiymatining kamida 15%ini tashkil etishi lozim.
Subsidiya olish uchun ariza Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali topshiriladi. Arizachidan elektron anketa-arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlardan tashqari boshqa hujjatlar talab qilinmaydi, xizmatlar bepul ko‘rsatiladi.
Ariza topshirilgach, tizim avtomatik ravishda quyidagi ma’lumotlarni tekshiradi:
- doimiy yashash manzili;
- nikohning rasmiy qayd etilgani;
- er-xotinning daromadlari;
- oxirgi uch yil davomida ularning nomida uy-joy bo‘lmaganligi;
- kredit tarixi;
- yosh talabi bajarilgani;
- volontyorlar reytingidagi o‘rni.
Barcha asosiy mezonlarga mos kelgan arizachiga subsidiya ajratish haqida QR-kodli elektron xabarnoma yuboriladi. Agar mezonlardan kamida bittasi bajarilmasa, tizim avtomatik ravishda rad etadi va buning sababi xabarnomada ko‘rsatiladi.
Ma’lumotlar ijtimoiy mezonlarga mos kelmasa yoki noto‘g‘ri bo‘lsa, oldin ipoteka dasturidan foydalangan, subsidiya xabarnomasi bo‘lsa, kredit tarixi yaxshi bo‘lmasa yoki subsidiya limiti tugagan bo‘lsa, ariza rad etiladi.
Shuningdek, o‘rtacha oylik daromad hududlarda MHTEKMning 8 baravaridan, Toshkentda esa 9,2 baravaridan kam bo‘lmasligi kerak.
Arizalar navbat asosida ko‘rib chiqiladi. Biroq ijarada yashayotganlar, volontyorlar platformasida hududdagi eng faol 100 nafar volontyor qatoriga kirganlar, nogironligi bo‘lgan oila a’zosi bor oilalar hamda farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ota yoki onalarga ustuvorlik beriladi.
Subsidiya ipoteka krediti rasmiylashtirilgan kundan boshlab hisoblanadi va kreditning dastlabki besh yili davomida har oy qarz oluvchining bank hisobiga o‘tkaziladi.
Subsidiya faqat arizachining doimiy ro‘yxatdan o‘tgan hududida joylashgan uy-joylarni xarid qilish uchun beriladi. Biroq Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar subsidiya asosida Toshkent viloyatidagi uy-joyni ham ipoteka orqali sotib olishlari mumkin.
Shuningdek, subsidiya bir oilaga faqat bir marta beriladi. Agar arizachi undan foydalanmasa, xabarnomadan elektron ariza orqali voz kechishi mumkin, rad etilgan fuqarolar esa belgilangan tartibda qayta murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Loyiha bo‘yicha fikr-mulohazalar 22-avgustgacha qabul qilinadi.
Avvalroq Spot elektromobil xaridiga olingan avtokredit foizlarining bir qismini qoplash taklif etilayotgani haqida yozgandi.