Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida tadbirkorlar uchun tartibga solish yukini kamaytirishga qaratilgan qonun ma’qullandi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun bilan Iqtisodiy protsessual va Soliq kodekslariga o‘zgartirishlar kiritilib, tadbirkorlarning bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarini to‘xtatib turish tartibi aniqlashtirilmoqda.
Unga ko‘ra, soliq to‘lovchi soliq organining qaroriga e’tiroz bildirmasa, uning bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish soliq organining qarori asosida amalga oshiriladi. Agar tadbirkor qarorga e’tiroz bildirsa, masala sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, soliq organining sudga murojaat qilish tartibi belgilanib, arizaga qonun buzilganini, soliq to‘lovchiga tegishli xabarnoma yuborilganini va uning e’tirozini tasdiqlovchi dalillarni ilova qilish talabi kiritilmoqda.
Huquqbuzarlik bartaraf etilganda yoki sud bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turishni rad etganda, qo‘yilgan cheklovlarni tezkor bekor qilish mexanizmi ham mustahkamlanmoqda.
Senatorlar mazkur o‘zgarishlar tadbirkorlarning vaqt va mablag‘ sarfini kamaytirishi, sudlar yuklamasini yengillashtirishi hamda biznesning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirishini ta’kidladi.
Avvalroq Spot ayrim tadbirkorlarga uch oygacha litsenziyasiz ishlashga ruxsat berilishi mumkinligi haqida yozgan edi.