Farog‘at Olimjonova 1996-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 2015−2019-yillarda Toshkent xalqaro Vestminster universitetining bakalavriat bosqichida tahsil olgan. Shundan so‘ng DAAD granti asosida Germaniyaning Frankfurt shahridagi Gyote universitetida magistraturani tamomlagan.
Hozirda u Norvegiya Markaziy banki qoshidagi Norges Bank Investment Management fondida faoliyat yuritadi.
Farog‘at Spot’ga DAAD grantini qo‘lga kiritish uchun tayyorgarlik jarayoni, Germaniyadagi ta’lim muhiti, shuningdek, Norgavegiyadagi xalqaro kompaniyada ishlash tajribasi haqida so‘zlab berdi.
Moliya sohasiga qiziqish
Maktabni tamomlagach, Toshkent Turin politexnika universiteti qoshidagi akademik litseyda o‘qishni davom ettirdim. Yoshligimdan matematika va ingliz tiliga qiziqishim katta bo‘lgan. Ota-onam ham ta’limimga doimo jiddiy e’tibor berib, faqat bir-ikki fan bilan cheklanib qolmasdan, imkon qadar ko‘proq narsani o‘rganishimni xohlashardi. Ular menga ta’limning maqsadi faqat yaxshi baho olish emas, balki dunyoqarashni kengaytirish, mustaqil va tanqidiy fikrlashni o‘rganish hamda kelajak uchun mustahkam asos yaratish ekanini singdirishgan.
Ilmga bo‘lgan qiziqishim shakllanishida bobomning o‘rni ham katta. Uyimizdagi suhbatlarda ko‘pincha ilm-fan, iqtisodiyot va mamlakat taraqqiyoti haqida gaplashardik. Uning fikrlash tarzi, bilimga bo‘lgan qiziqishi va har bir masalaga tahliliy yondashuvi menga katta ta’sir ko‘rsatgan. Bobom bilan bo‘lgan suhbatlar orqali ko‘p narsalarga boshqacha qarashni, savol berish va har bir masalaning sababini tushunishga harakat qilishni o‘rgandim.
Ular ko‘pincha: “Qiz bola ham yaxshi o‘qishi, o‘z kasbining egasi bo‘lishi va jamiyatda munosib o‘rin egallashi kerak”, — deb ta’kidlardilar. Vaqt o‘tishi bilan bu gaplar oddiy nasihatdan ko‘ra ko‘proq ma’noga ega bo‘lib, hayotiy tamoyilimga aylandi. Bugun ortga nazar tashlar ekanman, hayotimdagi ko‘plab muhim qarorlarim ortida oilam bergan tarbiya va bobom singdirgan qadriyatlar borligini anglayman.
Matematikaga bo‘lgan qiziqishim va masalalarga tahliliy yondashishim vaqt o‘tishi bilan iqtisodiyot va moliya sohalariga bo‘lgan qiziqishimga turtki bo‘ldi.
Universitet hayoti
Akademik litseyda o‘qib yurgan paytimdayoq xalqaro standartlar asosida ta’lim beradigan universitetda o‘qishni o‘zimga maqsad qilib qo‘ygandim. Shu maqsadim yo‘lida matematika va ingliz tilidan qo‘shimcha mashg‘ulotlarga muntazam qatnashib, xalqaro til sertifikatlarini olish uchun ko‘p harakat qildim. Litseydagi bo‘sh vaqtlarimning katta qismini dars qilish va imtihonlarga tayyorlanishga sarflardim. Ayniqsa, IELTS imtihoniga jiddiy tayyorlandim. Yaxshi natijaga erishganimdan so‘ng ustozlarim Toshkent xalqaro Vestminster universitetiga hujjat topshirishni tavsiya qilishgan.
Qiziq tomoni shundaki, universitetga ilk bor hujjat topshirganimda hali akademik litseyning ikkinchi bosqichida o‘qirdim. Aslida, o‘sha paytdagi maqsadim universitetga kirish emas, balki o‘z bilimimni sinab ko‘rish edi. Kirish imtihonlarini topshirib, kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etildim. Bu natija kutilmagan bo‘lsa-da, o‘zimga bo‘lgan ishonchimni yanada oshirdi. Shundan so‘ng o‘zimga: “Agar hozir shunday natijaga erishgan bo‘lsam, keyingi yil grant asosida ham o‘qishga kira olaman”, degan maqsadni qo‘ydim.
Shundan so‘ng barcha e’tiborimni aynan shu maqsadga qaratdim. Shu bilan birga, faqat bitta universitet bilan cheklanib qolmaslik uchun Toshkent moliya instituti, Turin politexnika universiteti, INHA universiteti va Gubkin nomidagi neft va gaz universitetiga ham hujjat topshirdim. Natijada o‘zim xohlagan Vestminster universitetining iqtisodiyot va moliya yo‘nalishiga grant asosida o‘qishga qabul qilindim.
Germaniya sari yetaklagan imkoniyat
Vestminster universitetida yozgi ta’til davrida talabalar uchun turli bo‘limlarda amaliyot o‘tash imkoniyati mavjud. Men tadqiqotlar va magistratura dekanati bo‘limida amaliyot o‘tashni tanladim. O‘sha paytda ilmiy faoliyatga qiziqishim yuqori bo‘lgani uchun bu bo‘lim ayniqsa qiziq tuyulgan. Akademik muhitda ishlash orqali yangi tajriba orttirish va kelajakdagi rivojlanishim uchun foydali bo‘ladigan ko‘nikmalarni shakllantirishni xohlardim.
Foto: Farog‘at Olimjonovaning shaxsiy arxividan
Vaqt o‘tib, aynan shu qaror hayotimdagi muhim burilishlardan biriga sabab bo‘lganini angladim. Bo‘lim rahbari Bahrom Mirkasimov Germaniyada tahsil olgan va DAAD grant dasturi haqida yaxshi bilardi. Bir kuni u ushbu grant dasturiga hujjat topshirib ko‘rishimni tavsiya qildi. Bu taklifni kutilmagan edim, ammo uning tavsiyasi xorijda o‘qish imkoniyati haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishga undadi.
Rostini aytsam, o‘sha paytda bu dasturining qanchalik nufuzli ekani hamda qanday imkoniyatlar berishi mumkinligini to‘liq tasavvur qilmagandim. Ortga nazar tashlar ekanman, o‘sha oddiy tavsiya xalqaro ta’lim va keyingi professional faoliyatim uchun yangi bosqichni boshlab berganini tushunaman.
DAAD granti: orzudan haqiqatgacha
Bakalavriatning so‘nggi kursida Germaniyada magistraturada o‘qish uchun hujjatlar tayyorlay boshladim. DAAD granti haqida batafsil ma’lumot to‘plar ekanman, bu dastur turli mamlakatlardan iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash bilan birga, ularga xalqaro akademik hamjamiyatning bir qismiga aylanish imkoniyatini ham berishini angladim. Shu jihati ayniqsa qiziq tuyulgan.
Hujjatlarni tayyorlashning o‘zi ham alohida sinov bo‘lgan. Motivatsion xat yozish, o‘qish rejasini ishlab chiqish, tavsiyanomalarni yig‘ish, IELTS sertifikati, diplom va boshqa yutuqlarimni tartibga keltirish — bularning barchasi katta mas’uliyat va sabr talab qilgan. Bir necha oy davom etgan tayyorgarlikdan so‘ng esa eng qiyin bosqich — natijani kutish davri boshlandi.
Fevral oyida birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tganim haqida xabar oldim. O‘sha kunni hali ham yaxshi eslayman. Bu, albatta, yakuniy natija emas edi, lekin oldimdagi imkoniyatlar asta-sekin kengayayotganini his qilgandim. Keyingi bosqich esa Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasida bo‘lib o‘tadigan suhbat edi.
Suhbatni Germaniyaning turli universitetlaridan kelgan professorlar olib borishdi. Ular nafaqat akademik bilimlarim, balki kelajakdagi rejalarim, iqtisodiyotga bo‘lgan qarashlarim va nima sababdan aynan bu davlatda tahsil olishni xohlayotganim bilan ham qiziqishdi. Bu suhbat davomida o‘z maqsadlarim va qarashlarim haqida yanada chuqurroq o‘ylashga to‘g‘ri keldi.
Aprel oyida esa uzoq kutilgan javobni oldim — DAAD granti sohibiga aylangandim. O‘sha paytdagi quvonchimni so‘z bilan ifodalash qiyin. Men Frankfurt shahridagi Gyote universitetining xalqaro iqtisodiyot va iqtisodiy siyosat magistratura dasturiga qabul qilingandim. Bu men uchun shunchaki yangi o‘quv bosqichining boshlanishi emas, balki hayotimdagi butunlay yangi davrning boshlanishi edi.
Moslashish davri
2019-yil sentabr oyida Germaniyaga yo‘l oldim. Oldimda yangi davlat, yangi muhit va mutlaqo yangi hayot turardi.
Dastlabki haftalarda o‘zimni go‘yo tush ko‘rayotgandek his qilardim. Frankfurtning tartibli ko‘chalari, zamonaviy infratuzilmasi va men uchun butunlay yangi bo‘lgan muhit hayratga solardi. Uzoq yillardan beri orzu qilgan mamlakatimga nihoyat kelganimni anglaganim sayin, ichimni katta quvonch va hayajon egallardi.
Ammo vaqt o‘tishi bilan hayotning boshqa tomoni ham ko‘zga tashlangan. Bir necha haftadan so‘ng oilamni sog‘ina boshladim va aynan shundan keyin yangi muhitga moslashishning haqiqiy jarayoni boshlangan.
Yangi mamlakatdagi dastlabki sinovlarim asosan byurokratik jarayonlar bilan bog‘liq bo‘ldi. Yashash joyi topish, universitetga oid hujjatlarni rasmiylashtirish, bank hisob raqami ochish va sug‘urta masalalarini hal qilish — bularning barchasi yangi kelgan talaba uchun ancha murakkab va vaqt talab qiladigan jarayonlar edi.

Foto: Farog‘at Olimjonovaning shaxsiy arxividan
Germaniya jamiyatiga asta-sekin moslashar ekanman, kundalik hayotdagi ko‘plab madaniy farqlarni ham seza boshladim. Masalan, Germaniyadagi birinchi yakshanba kunimda nimadir xarid qilish uchun tashqariga chiqqanimda, deyarli barcha do‘konlar yopiq ekanini ko‘rib hayron bo‘ldim. Avvaliga bunga ishonish qiyin edi. Keyinchalik esa bu Germaniyada odatiy hol ekanini tushundim. Yakshanba kuni odamlar ish va xaridlardan ko‘ra, oilasi bilan vaqt o‘tkazish va dam olishni afzal ko‘rishadi. Kimdir tabiat qo‘yniga chiqadi, kimdir esa yaqinlari bilan vaqt o‘tkazadi.
Shu oddiy holatning o‘zi menga nemis jamiyatida ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanat qanchalik qadrlanishini yaqqol ko‘rsatgan.
Bundan tashqari, Germaniyaga kelganimda ingliz tilini yaxshi bilardim va magistraturam ham ingliz tilida edi. Ammo kundalik hayot menga nemis tilini bilish jamiyatga moslashish, odamlar bilan yaqinlashish va professional aloqalarni kengaytirish uchun juda muhim ekanini o‘rgatdi. Shunda yangi mamlakatga moslashish nafaqat manzilni, balki uning tili va madaniyatini ham o‘rganish ekanini angladim.
Gyote universitetidagi hayoti
Gyote universitetida dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan talabalar bilan birga tahsil oldim. Darslar davomida xalqaro jamoalarda ishlash, birgalikda loyihalar tayyorlash va turli madaniyat vakillari bilan fikr almashish eng qimmatli tajribalardan biriga aylangan. Bu jarayon orqali nafaqat yangi bilimlar oldim, balki turli qarash va madaniyatlarni yaxshiroq tushunishni ham o‘rgandim.
Turli davlatlardan kelgan yoshlarning fikrlashi, muammolarga yondashuvi va yangi g‘oyalarni dadil ilgari surishi meni doimo ilhomlantirardi. Ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchi va erkin fikrlashi menga ham katta ta’sir ko‘rsatib, dunyoqarashimni sezilarli darajada kengaytirdi.
Aynan Germaniyada xalqaro mehnat bozori qanday ishlashi, ish beruvchilar mutaxassislardan nimalarni kutishi va raqobatbardosh bo‘lish uchun qanday ko‘nikmalar zarurligini yanada chuqurroq tushuna boshladim.
Ammo oldinda meni bundan ham murakkabroq sinov kutayotgandi. COVID-19 pandemiyasi boshlanib, ish qidirish jarayoni men kutganimdan ancha qiyinlashdi. Shunga qaramay, aynan shu davr professional faoliyatimdagi eng muhim burilishlardan biriga aylangan.
Pandemiya davrida boshlangan karyera yo‘li
2020-yilda butun dunyoni qamrab olgan COVID-19 pandemiyasi talabalik yillarimga to‘g‘ri kelgan. Universitet darslari masofaviy shaklga o‘tib, ko‘plab kompaniyalar yangi xodimlarni ishga olishni vaqtincha to‘xtatdi, amaliyot dasturlari esa bekor qilindi.
Shunga qaramay, deyarli har kuni yangi vakansiyalarni kuzatar, rezyumemni yuborar va motivatsion xatlar yozardim. Ko‘p hollarda rad javobini olardim, ayrim murojaatlarim esa umuman javobsiz qolardi. Ba’zan bir necha hafta davomida tayyorlagan hujjatlarim bo‘yicha ham hech qanday javob kelmasdi.
Albatta, bunday paytlarda inson o‘z qobiliyatiga shubha qila boshlaydi. “Balki hali tayyor emasdirman”, degan fikrlar ham xayolimdan o‘tgan. Ammo hujjat topshirishni to‘xtatmadim. Aynan o‘sha davr menga sabr-toqatni, muvaffaqiyat esa ko‘pincha qat’iyat va izchillik ortidan kelishini o‘rgatdi.
Ko‘plab urinishlardan so‘ng faoliyatimni butunlay o‘zgartirgan kutilmagan voqea yuz berdi. Kursdoshimning tug‘ilgan kunida FERI kompaniyasida ishlaydigan bir qiz bilan tanishib qoldim. Suhbat davomida ish izlayotganimni aytdim. Oradan bir necha kun o‘tib, u meni kompaniyadagi bo‘sh ish o‘rniga tavsiya qildi.
Foto: Farog‘at Olimjonovaning shaxsiy arxividan
Hozir o‘ylab qarasam, ba’zan bitta tanishuv yoki qisqa suhbat insonning butun faoliyat yo‘lini o‘zgartirishi mumkinligini tushunaman. O‘sha voqea professional aloqalar ham bilim va tajriba kabi muhim ahamiyatga ega ekanini anglatdi. Shu tariqa Germaniyaning investitsiya sohasidagi yetakchi kompaniyalaridan biri FERI’da werkstudent sifatida faoliyatimni boshladim.
FERI institutsional investorlar hamda yirik mijozlarning mablag‘larini turli xil moliyaviy strategiyalar va investitsiya vositalari orqali boshqarishga ixtisoslashgan kompaniya. Men esa Hedge Fundsbo‘limida ish boshladim. Bu yerda an’anaviy aksiyalar va obligatsiyalardan farqli ravishda, murakkabroq va maxsus investitsiya instrumentlari bilan ishlash jarayonlari bilan tanishdim.
Ish boshlaganimda bir narsani tez angladim: xalqaro kompaniyada muvaffaqiyat qozonish uchun faqat bilimning o‘zi yetarli emas ekan. Mas’uliyatni his qilish, yangi vaziyatlarga tez moslasha olish, jamoa bilan samarali ishlash va to‘g‘ri muloqot qila bilish ham shunchalik muhim.
Dastlabki oylar uzluksiz o‘rganish davri bo‘ldi. Har kuni yangi moliyaviy atamalar, dasturlar va ish jarayonlari bilan tanishardim. Bilmagan narsalarimni yashirish o‘rniga, aksincha, ko‘proq savol berishga harakat qilardim. Shu sababli hamkasblarim doimo yordam berishga tayyor bo‘lishardi.
Talabalikdan professional faoliyatgacha
FERI’dagi faoliyatim davomida bizning bo‘limimiz atigi 6−7 kishidan iborat edi. Shu sababli har bir hamkasbim bilan yaqindan ishlash va ulardan o‘rganish imkoniga ega bo‘ldim. Jamoamizda ochiq va qo‘llab-quvvatlovchi muhit shakllangan.
Tajribali mutaxassislar o‘z bilim va tajribalarini ayamadi, men esa tushunmagan masalalarim bo‘yicha bemalol savol berishim mumkin edi. Hech kim savol berishni kamchilik sifatida qabul qilmas, aksincha, har bir masalani tushunarli va batafsil izohlashga harakat qilardi. Menimcha, aynan shunday muhit professional jihatdan shakllanishimda hal qiluvchi rol o‘ynagan.
Bir yil davomida talabalik davrimda ishlovchi xodim sifatida faoliyat yuritganimdan so‘ng, kompaniya Hedge funds operations manager lavozimini taklif qildi. Men uchun bu shunchaki lavozim o‘zgarishi emas, balki kompaniyaning bildirgan ishonchining ifodasi edi. Magistraturani tamomlaganimdan so‘ng esa rahbarim FERI’da to‘liq stavkada ishlashni taklif qildi. Men bu taklifni qabul qilib, professional faoliyatimni aynan shu kompaniyada davom ettirdim.
Universitet nazariy bilim bergan bo‘lsa, FERI amaliyotda haqiqiy mutaxassis sifatida shakllantirdi. Aynan shu yerda tez moslashish, professional muloqot, muzokara olib borish, vaqtni samarali boshqarish va mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish kabi muhim ko‘nikmalarni egalladim. Bugungi kunda ham xalqaro muhitda faoliyat yuritar ekanman, o‘sha davrda orttirgan tajribam professional yo‘limdagi eng mustahkam poydevorlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Germaniyadan Norvegiyaga: yangi mamlakat, yangi imkoniyat
Germaniyada o‘qish va ta’lim olish hayotimning eng ahamiyatli va mazmunli davrlaridan biri bo‘ldi. Aynan shu yerda talabalik hayotini boshdan kechirdim, ilk professional tajribamni orttirdim va mutaxassis sifatida shakllandim. Shu bilan birga, shaxsiy hayotimda ham muhim o‘zgarish yuz berdi — turmush qurdim.

Foto: Farog‘at Olimjonovaning shaxsiy arxividan
Turmush o‘rtog‘im Norvegiyada faoliyat yuritgani sababli, yangi hayotimizni aynan shu mamlakatda boshlashga qaror qildik. Ochig‘i, ichimda yana bir yangi mamlakatda yashab ko‘rish va o‘zimni boshqa muhitda sinab ko‘rish istagi ham bor edi. Shu tariqa, Germaniyada boshlangan hayotim Norvegiyada yangi bir bosqichga qadam qo‘ydi.
Norvegiyaga oilani birlashtirish vizasi asosida ko‘chib o‘tdim. Yangi mamlakatga kelganimdan so‘ng, ish izlash jarayonini yana boshidan boshlashimga to‘g‘ri keldi. Germaniyada orttirgan tajribam, albatta, muhim ustunlik edi, biroq bu butunlay boshqa mehnat bozori edi. Ish beruvchilarning talablari, ishga yondashuv va korporativ madaniyat ham Germaniyadagidan farq qilardi.
Ko‘plab vakansiyalarga hujjat topshirdim. Oradan ko‘p o‘tmay, Norges Bank Investment Management e’lon qilgan vakant lavozimga ham ariza yubordim. Keyinchalik bilishimcha, ushbu lavozim uchun qariyb 90 nafar nomzod hujjat topshirgan ekan. Saralash va tanlov jarayoni esa 2 oy davom etdi.
Jarayon 5 bosqichdan iborat bo‘ldi. Dastlab bo‘lajak rahbarim va katta tahlilchi bilan suhbat o‘tkazildi. Ushbu bosqichda ular nafaqat kasbiy bilim va tajribamni, balki jamoaga moslasha olish qobiliyatimni, fikrlash tarzimi va ishga bo‘lgan munosabatimni ham baholashdi.
Keyingi suhbatlarda tarjimai holimdagi har bir tajriba, amalga oshirgan loyihalarim va qabul qilgan qarorlarim haqida batafsil savollar berildi. Shuningdek, turli ish vaziyatlari misolida muammolarga qanday yondashishim va qarorlarni qanday qabul qilishim ham baholandi. Yakuniy bosqichda esa Germaniyada yashaganim sababli, sudlanmaganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomani taqdim etishim so‘raldi.
Barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tganimdan so‘ng, ish taklifi yuborildi. Taklifni qabul qilib, tranzaktsiyalarni boshqarish bo‘limida analitik yordamchisi sifatida faoliyatimni boshladim.
Norges Bank Investment Management’dagi faoliyatim
Ko‘pchilik Norges bank haqida eshitgan bo‘lishi mumkin: bu Norvegiyaning markaziy banki. Norges Bank Investment Management (NBIM) esa undan alohida tashkilot bo‘lib, Norvegiyaning neft sanoatidan tushadigan daromadlarni boshqaradi.
Men faoliyat yuritadigan bo‘lim bitimlarni boshqarish bo‘limi hisoblanadi. Bizning asosiy vazifamiz har bir investitsiya bitimining to‘g‘ri va o‘z vaqtida yakunlanishini nazorat qilish. Buning uchun bitim bo‘yicha majburiyatlarni aniqlash va tasdiqlash hamda hisob-kitob va aktivlarni topshirish jarayonlarini kuzatib boramiz. Biz ishlaydigan bitimlar turi ham juda xilma-xil: obligatsiyalar, aksiyalar, ko‘chmas mulk va boshqa real aktivlar, fyucherslar, forvard shartnomalari, svoplar, shuningdek, tashqi kompaniyalar tomonidan boshqariladigan investitsiya portfellari.
Jarayon quyidagicha ishlaydi: bizning asosiy savdo bo‘limi, SimCorp Dimension dasturi orqali savdo buyurtmalarini yaratadi. Shundan so‘ng, bu buyurtmalar bizning bo‘limimizga kelib tushadi.
Biz, ya’ni TM analitiklari, ushbu bitimlarning hech qanday muammosiz va o‘z vaqtida bozorga yetib borishini, shuningdek, tegishli tarzda tasdiqlanishini ta’minlaymiz. Jarayonning har bir bosqichini nazorat qilib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatolar yoki kechikishlarning oldini olishga harakat qilamiz.
Ish boshlaganimda, asosan swap instrumentlari bilan shug‘ullanganman.
NBIM svop bitimlarini ijrochi brokerlar deb ataladigan tashkilotlar bilan tuzadi. Ular bizning savdo bo‘yicha kontragentlarimiz hisoblanadi. Mening asosiy vazifalarim uch yo‘nalishdan iborat:
- Svop bitimlari to‘g‘ri ma’lumotlar bilan LCH’ga yuborilganini tekshiraman. Bitimlar hajmi katta bo‘lgani uchun bu jarayon avtomatlashtirilgan tizim orqali nazorat qilinadi. Xatolik aniqlansa, ma’lumotni o‘zimizning tizimimizda tuzataman yoki kontragent bilan bog‘lanib, tuzatishni so‘rayman. Bu jarayonda treyderlar, portfel menejerlari va brokerlar bilan doimiy muloqot qilaman.
- Svoplar murakkab moliyaviy instrument bo‘lgani sababli, ularni tizimda to‘g‘ri qayd etish muhim. Shu sababli IT mutaxassislari bilan hamkorlik qilib, tizimni svop operatsiyalariga moslashtirish va jarayonlarni qulaylashtirishda ishtirok etaman. Bu ish tanqidiy fikrlash va kuchli kommunikatsiya ko‘nikmalarini talab qiladi.
- Bitim LCH’ga yuborilgandan so‘ng, uning o‘z vaqtida va xatosiz kliringdan o‘tishini nazorat qilaman. Muammo yuzaga kelsa uni hal qilaman.
Bu ish menga xalqaro moliya sohasida doimiy o‘rganish juda muhim ekanini ko‘rsatdi. Bozorlar, texnologiyalar va moliyaviy instrumentlar doim o‘zgarib turadi. Shu sababli mutaxassis ham o‘z bilimlarini muntazam yangilab borishi kerak. Kompaniya esa buning uchun treninglar, kurslar va malaka oshirish imkoniyatlarini taqdim etadi.
Norvegiyadagi ish madaniyati ham menga katta taassurot qoldirdi. Bu yerda asosiy e’tibor ishlagan soatga emas, natijaga qaratiladi. Ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanat juda muhim: odamlar ish kunidan keyin oilasi, sporti va shaxsiy hayotiga vaqt ajratadi.
Yana bir muhim jihat, NBIM bank emas, balki suveren investitsiya fondi. Shuning uchun uni banklar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqqoslash to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Norvegiyada hayot
Norvegiyadagi hayot tarzi Germaniyadagidan ancha farq qiladi. Bu yerda ish samaradorligi ishlangan soat bilan emas, natija bilan baholanadi. Haftada 5 kun ishlaymiz, 1−2 kun masofadan ishlash imkoniyati bor va ish kuni odatda soat 16:00 larda yakunlanadi. Ishdan keyingi vaqt esa oila, sport va dam olishga ajratiladi. Work-life balance bu yerda hayot tarzining muhim qismi.
Norvegiyaliklar odatda xotirjam, muloyim va tartibli insonlar. Yangi do‘stlar orttirish biroz qiyinroq bo‘lishi mumkin, chunki ular ko‘pincha bolalikdan shakllangan do‘stliklarini uzoq yillar saqlab qolishadi. Ammo sport va umumiy qiziqishlar orqali yangi odamlar bilan tanishish mumkin.
Norvegiyada tabiat bilan yaqin yashash madaniyati kuchli. Odamlar bo‘sh vaqtini tog‘larda sayr qilish, yugurish, velosiped haydash va tabiat qo‘ynida o‘tkazishni yaxshi ko‘radi.
Yashash xarajatlari esa ancha yuqori. Masalan, Osloda ikki xonali kvartira ijarasi oyiga o‘rtacha $2-$2,5 mingni tashkil etadi. Oziq-ovqat xarajatlari odatda $700-$900 dollar atrofida bo‘ladi. Kiyim-kechak ham qimmat, biroq odamlar tez-tez xarid qilmaydi. Ular asosan uzoq muddat xizmat qiladigan, sifatli va sovuq iqlimga mos kiyimlarni tanlaydi.
Norges management bank. Foto: Farog‘at Olimjonovaning shaxsiy arxividan
Maslahatlar. Xalqaro kompaniyalarda ishlashni istagan o‘zbekistonlik yoshlarga eng avvalo o‘ziga ishonishni tavsiya qilaman. Ko‘pincha o‘zimizni yetarlicha tayyor emasdek his qilamiz, aslida esa ko‘plab ko‘nikmalarni ish jarayonida ham o‘rganish mumkin.
Muhimi, yangi imkoniyatlardan qo‘rqmaslik, tashabbus ko‘rsatish va xato qilishdan cho‘chimaslik. Xalqaro mehnat bozorida o‘z fikrini asoslab bera olish, savol berish va mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish juda muhim.
Moliyaviy sohada ishlashni istagan yoshlarga esa statistika, tahliliy fikrlash va texnik ko‘nikmalarni rivojlantirishni tavsiya qilaman.


