Ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi Toshkent shahrida tibbiyot chiqindilarini noqonuniy tashlash va utilizatsiya qilish qoidalarini buzish holatlarini aniqladi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.

O‘rganishlarda ayrim muassasalarda xavfli tibbiyot chiqindilari maishiy chiqindilar bilan aralashtirilib, poligonlar yoki belgilanmagan joylarga tashlangani ma‘lum bo‘lgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma‘lumotiga ko‘ra, tibbiyot chiqindilarining 15%i xavfli hisoblanadi. Ularni noto‘g‘ri boshqarish kasalliklar tarqalishi, zaharlanish va atrof-muhit ifloslanishiga olib kelishi mumkin.

Prezident qarori asosida AQShning SAYAR LLC kompaniyasi tomonidan Sayar green xorijiy korxonasi tashkil etilib, umumiy qiymati $115 mln bo‘lgan investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

Biroq tibbiyot muassasalari xavfli chiqindilarni investorga yetkazib bermayotgani sababli mexanizm to‘liq ishlamayapti. Toshkentda o‘rnatilgan ikkita uskunaning umumiy kunlik quvvati 12 tonnani tashkil etsa-da, ularga kuniga atigi 3 tonna chiqindi yetkazib berilmoqda. Natijada uskunalar 25% quvvatda ishlamoqda.

Maxsus komissiyaning 2026-yilning birinchi yarmidagi o‘rganishlarida jami 3 239,05 kub metr tibbiyot chiqindisi olib chiqilgani aniqlangan.

Poytaxtda eng ko‘p chiqindi 16-sonli klinik shifoxona — 1 795,4 kub metr, 3-sonli yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi — 445,44 kub metr hamda Virusologiya ITI klinikasi — 382 kub metr hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Shuningdek, Respublika bolalar ftiziatriya va tayanch-harakat tizimi kasalliklari reabilitatsiya markazi, Dermatovenerologiya va kosmetologiya markazining Toshkent shahri filiali, 1-sonli yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi, Ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Teri-tanosil kasalliklari shifoxonasida xizmatlar qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilmagani qayd etilgan.

Aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha mas‘ullarga tegishli choralar ko‘rilmoqda. Maxsus komissiya va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan bunday nazorat tadbirlari respublika bo‘ylab o‘tkazilmoqda.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda xavfli chiqindilarni qayta ishlashni 20% ga yetkazish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.