O‘zbekneftgaz Xitoydan Jet A-1 rusumli aviayoqilg‘ini uzoq muddatli asosda yetkazib berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda kompaniya axborot xizmati xabar berdi.

Mazkur masala O‘zbekneftgaz boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginovning Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi Yuy Szyun boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvida muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, aviayoqilg‘i ta‘minotini diversifikatsiya qilish va barqaror tizimni shakllantirish maqsadida Xitoydan Jet A-1 rusumli aviayoqilg‘ini uzoq muddatli asosda yetkazib berish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Xitoyning China National Aviation Fuel Group (CNAF) hamda Sinopec kompaniyalari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda elchixona ko‘magini kuchaytirish masalasi muhokama qilindi.

Hozirda O‘zbekneftgaz Xitoyning CNPC, CCDC, BGP, Jereh, Honghua va boshqa yirik kompaniyalari bilan geologiya-qidiruv, quduqlar qurilishi, servis xizmatlari hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirmoqda.

Tomonlar o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, yangi investitsiya va texnologik loyihalarni amalga oshirish hamda energetika sohasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishga tayyorligini bildirdi.

O‘zbekistonning aviakerosinga bo‘lgan ehtiyoji ortib bormoqda. Prezident matbuot xizmati ma‘lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning iyulidan dekabrigacha bo‘lgan davrda aviayoqilg‘iga bo‘lgan prognoz ehtiyoj 27% ga oshib, 375 ming tonnani tashkil etishi kutilmoqda. O‘sish geosiyosiy vaziyatning keskinlashuvi fonida Markaziy Osiyo orqali va O‘zbekistonga aviaparvozlar sonining ko‘payishi bilan bog‘lanmoqda.

Talabning asosiy qismini mahalliy neftni qayta ishlash zavodlari hisobidan qoplash rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, ayrim hamkor davlatlar tomonidan neft mahsulotlari eksportiga cheklovlar qo‘yilgani sababli, O‘zbekiston hozirdanoq Gruziya, Iroq va boshqa mamlakatlardan aviayoqilg‘i import qilmoqda.

O‘zbekneftgaz yil oxirigacha 310 ming tonna aviatsiya kerosini ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Davlat kompaniyasi rahbariyati mas‘ullarga aviatsiya va dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha takliflar tayyorlashni topshirdi.

Spot, avvalroq, O‘zbekneftgaz yangi quduqlar hisobiga gaz qazib olishni 887 ming kub metrga oshirmoqchi ekani haqida yozgandi.