Shavkat Mirziyoyev Xivada tashkil etilishi rejalashtirilayotgan xalqaro turistik shaharcha loyihasi bilan tanishdi.

12,3 gektar maydonni egallaydigan majmuada Xorazmning tarixiy me’moriy an’analari zamonaviy shaharsozlik yechimlari bilan uyg‘unlashtiriladi.

“Loyiha konsepsiyasini ishlab chiqishda Xorazmning ko‘p asrlik shaharsozlik an’analari, jumladan, 1511-yilda Xiva xonligining birinchi poytaxtiga aylangan qadimgi Vazir shahrining tarixiy rejalashtirilishi va ko‘cha tarmog‘i asos qilib olingan”, — deyiladi xabarda.

Majmuada mehmonxonalar, tarixiy va zamonaviy eksponatlarga ega muzey, milliy va xalqaro taomlar restoranlari, savdo obyektlari hamda xizmat ko‘rsatish korxonalari joylashtiriladi.

Hududning katta qismi yashil maydonlar va sayr yo‘laklariga ajratiladi. Shuningdek, kaskadli favvoralar va ichki kanallar barpo etiladi. Avtoturargohlarga quyosh panelli soyabonlar o‘rnatiladi.

Yangi turistik shaharcha sayyohlar uchun qo‘shimcha yo‘nalish va xizmatlarni yaratib, Ichan qal’aga tushayotgan turistik yuklamani kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Loyiha minglab yangi ish o‘rinlari hamda avtomobillar harakatidan xoli yashil dam olish hududlarini yaratishni ham nazarda tutadi.

Loyiha hududga turistlar oqimi ortib borayotgan bir paytda amalga oshirilmoqda. So‘nggi to‘qqiz yil ichida Xorazm viloyatida 280 ta mehmonxona va mehmon uyi qurildi, mehmonxona o‘rinlari soni esa to‘rt baravarga oshdi. Shuningdek, 11 ta yangi turistik obyekt foydalanishga topshirildi.

So‘nggi besh yilda viloyatga tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlar soni 10 baravarga ko‘paydi.

Prezident matbuot xizmatining qayd etishicha, transport-logistika va turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirish mehmonlar oqimini oshirish, xizmatlar turini kengaytirish va ularning viloyatda qolish muddatini uzaytirishga xizmat qiladi.


Avvalroq Spot Mirziyoyev Xorazmda $176 mlnlik 12 ta loyihani ishga tushirgani, yana $7,4 mlrdlik 15 ta loyihaga start bergani haqida yozgandi.