Qashqadaryo viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasining tadbirkordan 10,8 mlrd so‘m kompensatsiya undirish bo‘yicha da‘vosi rad etildi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.

Qayd etilishicha, bosh boshqarma O‘. aksiyadorlik jamiyatidan 10,8 mlrd so‘m miqdoridagi kompensatsiya to‘lovlarini undirish yuzasidan Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudiga da‘vo arizasi kiritgan.

Sud muhokamasida nazorat qiluvchi organ tekshiruv predmetidan tashqariga chiqqani hamda tekshiruv dalolatnomasi jamiyat rahbari yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxsga taqdim etilmagani aniqlangan. Shuningdek, atmosferaga metan gazi sizib chiqqani dalillar bilan tasdiqlanmagan.

Sud prezidentning 2022-yil 13-sentabrdagi PQ-374-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 8, 12 va 28-bandlari talablari buzilganini inobatga olgan.

Shu sababli tekshiruv dalolatnomasi va undagi hisob-kitoblar qonunni buzgan holda olingan dalillar deb baholangan.

Natijada sud tadbirkordan 10,8 mlrd so‘m kompensatsiya to‘lovlarini undirish to‘g‘risidagi da‘vo talabini rad etgan.

Spot, avvalroq, Andijonda tadbirkordan asossiz yechib olingan 404 mln so‘m qaytarilgani haqida yozgandi.