O‘zbekiston hozirgacha ma’muriy tartibga solinadigan tovar va xizmatlar narxlarini liberallashtirishni davom ettiradi. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Financial Times nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ichki omillar nuqtai nazaridan, turli bozorlarda narxlarning bosqichma-bosqich liberallashtirilishi tufayli mamlakatdagi asosiy inflyatsion muammolar umuman hal qilindi. Xususan, so‘nggi ikki yilda energiya tariflari liberallashtirildi.

Shu bilan birga, ayrim tovar va xizmatlar narxlari haligacha ma’muriy tartibda nazorat qilinmoqda. Ishmetovning ta’kidlashicha, ayrim kommunal xizmatlar, jumladan, suv tariflari hududiy hokimiyatlar tomonidan tartibga solinadi.

“Narxlari ma’muriy tartibga solinadigan yana bir qancha tovar va xizmatlar mavjud. Biz ularni ham liberallashtiramiz”, — dedi Markaziy bank raisi.

Ishmetov inflyatsiya uchun asosiy xatar ichki omillar emas, balki “doimiy tashqi shoklar” ekanini qayd etdi. Ular qatorida dunyo bo‘ylab davom etayotgan mojarolar fonida neft va oziq-ovqat narxlarining oshishini keltirdi.

Markaziy bank rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Fors ko‘rfazi hududidagi mojaro hozircha O‘zbekistonga bevosita ta’sir ko‘rsatmagan. Shu bilan birga, jahon neft narxlarining oshishi oxir-oqibat mamlakatga ta’sir qilishi mumkin, chunki O‘zbekiston neft va neft mahsulotlarini import qiladi.

Logistikaning qimmatlashishi qo‘shimcha xatar omili bo‘lishi mumkin. Garchi O‘zbekiston mojaroga jalb qilingan mamlakatlardan katta hajmdagi tovarlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri import qilmasa-da, ular orqali logistika yo‘nalishlari o‘tadi.

“Hozir biz buni kuzatmayapmiz, lekin agar mojaro cho‘zilib ketsa, shubhasiz [ta'sir qiladi], biz vaziyatni kuzatishda davom etamiz va bu yuqori xavflarni hisobga olamiz”, — dedi Ishmetov.

Avvalroq Spot Markaziy bank 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiyani taqdim etgani haqida yozgan edi.