O‘zbekfilm kinostudiyasining 1 mlrd so‘mdan ortiq soliq qarzi to‘liq to‘landi. Bu haqda Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari — Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov ma’lum qildi.
Shuningdek, auksionga chiqarilishi rejalashtirilgan 12 ta avtomobil kinostudiya ixtiyoriga qaytarildi.
“Endi navbat — xodimlarning to‘planib qolgan 3 mlrd so‘mdan ortiq ish haqi qarzdorligini qoplash. Bu qarzni ham to‘laymiz”, — deb yozdi Ahmedov
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekfilm oldidagi eng katta masala — 22 mln yevrolik kredit majburiyati.
Kinostudiyani 10 gektarlik yer maydoni bilan birga garovdan ozod qilish va kredit masalasini hal etish bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan ish olib borilmoqda.
“O‘zbekfilm inqirozning emas, milliy kinoning ramzi bo‘lishi kerak”, — deya xulosa qildi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari.
Bundan qariyb ikki hafta oldin Jahongir Ahmedov O‘zbekfilm kinostudiyasining kredit majburiyati 22,9 mln yevroni tashkil etayotganini ma’lum qilgan edi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kredit uchun kinostudiyaning mol-mulki, jumladan, yer maydonlari garovga qo‘yilgan. Shuningdek, O‘zbekfilmning qariyb 1 mlrd so‘m soliq qarzi va xodimlar oldida ish haqi bo‘yicha qarzdorligi mavjud.
Kinostudiyani saqlab qolish uchun yiliga kamida 60 mlrd so‘mlik buyurtma bajarilishi kerak. Ahmedov O‘zbekfilmni moliyaviy barqaror, zamonaviy boshqaruvga ega va bozorga o‘z mahsuloti bilan chiqadigan milliy kino kompaniyasiga aylantirish zarurligini ta’kidladi.
Avvalroq Spot Andijonda tadbirkordan asossiz yechib olingan 404 mln so‘m qaytarilgani haqida yozgan edi.