Farg‘onada yangi xalqaro aviakompaniya tashkil etish tashabbusi muhokama qilindi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Afg‘onistonning KamAir aviakompaniyasi rahbari Omar Mohammad Sulaymon boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Unda Uzbekistan Airports tijoriy faoliyat departamenti boshlig‘i Timur Xalilov ham ishtirok etdi.
Tomonlar Farg‘ona viloyati delegatsiyasining 26−27-iyul kunlari Afg‘onistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Xususan, Farg‘onada yangi xalqaro aviakompaniya tashkil etish tashabbusi yuzasidan fikr almashildi.
Loyihani amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlar, zarur infratuzilma va xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish jarayonlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, tegishli tashkilotlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda loyihani amaliy bosqichga olib chiqish hamda ishlarni xalqaro standartlar asosida tashkil etish masalalariga e‘tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusidagi masalalarni kelishib oldi.
Spot, avvalroq, Toshkentdan Mavrikiyga ilk bor to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar 26-dekabrdan yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.