Avvalroq Spot Oliy Majlis Senati lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga oid qonunni ma’qullagani haqida yozgan edi. Hujjat prezident tomonidan imzolangandan keyin qabul qilinadi.

Senator Husan Ermatov majlisda yangi o‘zbek alifbosiga kiritilayotgan o‘zgarishlarni davlat axborot tizimlari va elektron platformalarga joriy etish jarayoni, shuningdek, amaldagi alifbolardan yangi tizimga o‘tish muddatlari bo‘yicha savollar berdi.

Senator yangi alifboda o‘, g‘, sh va ch harflarining shakli (ö, ğ, ş, ç) o‘zgartirilayotgani sababli ularning davlat axborot tizimlari, elektron hukumat platformalari, elektron hujjat aylanishi va ma’lumotlar bazalarida to‘liq qo‘llanishini ta’minlash uchun qanday texnik ishlar amalga oshirilishi bilan qiziqdi.

Husan Ermatov, shuningdek, O‘zbekistonda hozirgi kunda kirill va amaldagi lotin yozuvidan parallel foydalanilayotganini qayd etdi. Uning fikricha, yangi alifbo bo‘yicha ham aniq muddatlar va o‘tish tartibi belgilanmasa, amaliyotda uch xil alifbo bir vaqtda qo‘llanishi mumkin.

alifbo islohoti, senat, Nurilla Abdullayev, qonunchilik

Senator shu sababli pasport, hujjatlar, manzil belgilaridan tashqari, OAV va kitoblarning yangi alifboga qachon o‘tishi bo‘yicha ham aniq muddat belgilash masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Nurilla Abdullayevning ma’lum qilishicha, Vazirlar Mahkamasi va Senat tomonidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Qonun qabul qilinganidan so‘ng ularni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Uning aytishicha, yangi alifboni texnik jihatdan joriy etish 6 yo‘nalishda amalga oshiriladi:

  • yagona texnik standart ishlab chiqiladi;
  • ma’lumotlar bazalari auditdan o‘tkazilib, ulardagi o‘, g‘, sh, ch kabi harflar ö, ğ, ş, ç harflariga avtomatik ravishda almashtiriladi;
  • integratsiya va ma’lumotlar almashinuvi moslashtiriladi;
  • elektron hujjat aylanishi tizimlari yangi alifboga moslashtiriladi;
  • fuqarolar va ma’lumotlarni migratsiya qilish ishlari amalga oshiriladi;
  • qidiruv va identifikatsiya mexanizmlari takomillashtiriladi.

Nurilla Abdullayevning ta’kidlashicha, yangi alifboda qo‘llanadigan harflarning boshqa davlatlarda ham ishlatilishi ularni axborot tizimlariga texnik jihatdan joriy etish jarayonini nisbatan osonlashtiradi.

Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodirjon Xolbo‘tayev ushbu qonun kuchga kirganidan keyin rasmiy ish yuritishda yagona standartni joriy etish rejalashtirilayotganini bildirdi. Jumladan, OAV, davlat idoralari va boshqa rasmiy ish yuritish jarayonlarida tasdiqlangan yangi alifbodan foydalanish talabi qat’iy belgilanadi.

Avvalroq Spot tadbirkorlarga jarimalarni 6 oy davomida bo‘lib to‘lashga ruxsat berilishi mumkinligi haqida yozgan edi.