O‘zbekistonda umumiy foydalanishdagi suv havzalarida taqiqlanmagan vosita va usullardan foydalangan holda 5 kg gacha baliqni bepul ovlash tartibi bekor qilinmaydi. Bu haqda Baliqchilikni rivojlantirish markazi ma‘lum qildi.

Markaz ijtimoiy tarmoqlarda prezidentning 2-iyuldagi baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid farmoni ijrosi yuzasidan ayrim noto‘g‘ri tushunchalar paydo bo‘layotgani sababli izoh berdi.

Farmonga ko‘ra, sport-havaskor baliq ovlash va ekoturizm uchun tashkil etilgan xizmatlarni yagona tizimga jamlash ko‘zda tutilgan.

Baliq ovlash uchun sharoit yaratgan xo‘jaliklar o‘z xizmatlarini ixtiyoriy ravishda yagona platformaga joylashtirishi mumkin. Unda suv havzasining manzili, yaratilgan sharoitlar va xizmatlar, bir kunlik baliq ovlash narxi hamda bo‘sh joylar haqida ma‘lumot beriladi.

Havaskor baliqchilar Fishermen ID tizimi orqali o‘ziga qulay hududni tanlashi, sharoit va narxlar bilan tanishishi hamda bo‘sh joylarni oldindan band qilishi mumkin. To‘lov amalga oshirilgach, foydalanuvchiga QR-kodli elektron chek taqdim etiladi.

Markaz qayd etishicha, mazkur tizim umumiy foydalanishdagi suv havzalarida 5 kg gacha baliqni bepul ovlash imkoniyatini bekor qilmaydi va uni pullik qilishni nazarda tutmaydi.

Spot avvalroq Ulug‘norda 1,2 ming gektar maydonda baliqchilik klasteri tashkil etilishi haqida yozgandi.