Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalariga bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida yozgan edi.
Qoraqalpog‘iston tajribasi asosida qolgan 13 ta hudud uchun ham loyihalar menejeri lavozimlari joriy etilishi belgilandi. Andijondagi loyihalar menejeri viloyatning yangi investitsiya modelini yaratishga mas’ul bo‘ladi.
Bu jarayonda har bir tumanning sanoat, xizmatlar va qishloq xo‘jaligi imkoniyatlari sun’iy intellekt yordamida baholanadi. Yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish imkoni bo‘lgan sohalar aniqlanib, xorijiy sarmoyalarni jalb qilish rejasi ishlab chiqiladi.
Aylanmasi 100 mlrd so‘m dan yuqori bo‘lgan 104 ta korxona faoliyatini kengaytirish orqali qo‘shimcha 20−30 mingta ish o‘rni yaratish bo‘yicha loyihalar tayyorlanadi. Aylanmasi 1 trln so‘m dan oshgan 4 ta korxonada texnologik modernizatsiya orqali qo‘shilgan qiymatni 40−50% ga oshirish choralari ko‘riladi.
Kelgusi yilda Andijonda kamida 10% iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, $5 mlrd investitsiya jalb qilish va eksportni $1,5 mlrdga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik komplekslarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Ulug‘norda paxtadan ozuqa ekinlariga o‘tkazilgan 5 ming gektar maydon kamida 10 ming bosh qoramol boqish imkonini berishi aytildi. Dala chetlaridagi yerlardan samarali foydalanish orqali ham chorvachilikni kengaytirish mumkin.
Yil yakunigacha shunday maydonlarning kamida 200 gektarida chorva boqish uchun sharoit yaratish, Ulug‘nor va Bo‘stonda yirik chorvachilik komplekslari loyihalarini ishlab chiqish topshirildi.
Baliqchida ishga tushirilgan $20 mlnlik tovuq go‘shti kompleksi tajribasi asosida Jalaquduqda 4 ta, Xo‘jaobodda 3 ta shunday kompleks loyihasini boshlash vazifasi qo‘yildi. Ulug‘nordagi 1200 gektar maydonda Baliqchi tumani tajribasi asosida baliqchilik klasteri tashkil etiladi.
Avvalroq Spot Andijonda sanoat korxonalari uchun mutaxassislar tayyorlaydigan texnikum ochilgani haqida yozgandi.
