Qirg‘izistonning birinchi milliy sun’iy yo‘ldoshi 1-oktabr kuni Kaliforniyadagi Vandenberg harbiy-havo bazasidan orbitaga chiqarildi. Uchirish SpaceX kompaniyasining Falcon 9 raketa-tashuvchisi yordamida amalga oshirildi, deya xabar berdi Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati.

Sun’iy yo‘ldosh bitta raketa-tashuvchi yordamida orbitaga chiqarilgan bir guruh kosmik apparatlar tarkibida joylashtirildi. Uni uchirish Qirg‘iziston va Birlashgan Arab Amirliklarining hamkorlikdagi loyihasi natijasi bo‘ldi. Sun’iy yo‘ldosh Bishkekdagi Boshqaruv markazidan boshqariladi.

Olingan ma’lumotlardan qishloq xo‘jaligi yerlarini, muzliklar, suv obyektlari, o‘rmonlar va yaylovlarni hamda tabiiy ekotizimlardagi o‘zgarishlarni monitoring qilishda foydalanish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari yer qa’ridan noqonuniy foydalanish, ruxsatsiz chiqindi poligonlari va boshqa ifloslanish manbalarini aniqlash, shuningdek, logistika yo‘nalishlarini optimallashtirishga yordam beradi.

qirg‘iziston, spacex, sputnik, sun'iy yo'ldosh

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Alohida yo‘nalish — tabiiy xatarlar monitoringi. Ma’lumotlar qurg‘oqchilik, suv toshqinlari, ko‘chkilar, sel va o‘rmon yong‘inlari belgilarini aniqlash, tezroq harakat qilish va ehtimoliy zararni kamaytirish imkonini beradi.

Kelgusida sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini davlatning raqamli tizimlariga integratsiya qilish, fazoviy xaritalar va tahliliy modellar yaratishda foydalanish ko‘zda tutilgan. Bu ma’lumotlardan davlat qarorlarini qabul qilish, investitsiyalarni rejalashtirish va davlat dasturlari ijrosini nazorat qilishda foydalanish imkonini berishi qayd etildi.

“Sun'iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan superkompyuter texnologiyalari imkoniyatlari bilan birgalikda foydalanish Qirg‘izistonning iqtisodiy va tabiiy resurslarini yanada aniq va samarali boshqarish uchun asos yaratadi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning birinchi kosmonavti yaqin yillarda fazoga uchirilishini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.