Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekistondagi turli rivojlanish bosqichlarida bo‘lgan startap loyihalar uchun tanlov e’lon qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Dastur Jahon banki ishtirokidagi Rivojlanish va yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish — FINGROW dasturini tayyorlash loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida 20 ta istiqbolli startap tanlab olinib, mentorlik, biznesni rivojlantirish, investitsiyaga tayyorgarlik va xalqaro bozorlarga chiqish yo‘nalishlarida bosqichma-bosqich qo‘llab-quvvatlanadi.
Dastur startaplarga biznesni bozorda to‘g‘ri joylashtirish, bozor strategiyasi, investitsiyaga tayyorgarligi, kengayish hamda xalqaro bozorlarga chiqish va o‘sish imkoniyatlarini kuchaytirishda yordam berishga qaratilgan.
Ishtirokchilar ko‘rsatmalar, individual ko‘mak va tegishli ekotizim ishtirokchilari, jumladan xalqaro darajadagi yondashuvlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ular, shuningdek, StartupBlink kompaniyasi asoschisi va bosh direktori, konsultant Eli David Rokah bilan bevosita ishlaydi.
Dasturda O‘zbekistonda sanoat va ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan texnologik startaplar ishtirok etishi mumkin. Ishtirokchilar mentorlik davrida faol qatnashishga tayyor bo‘lishi kerak. Shuningdek, dasturda samarali ishtirok etish uchun ingliz tilida ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lish afzal hisoblanadi.
Tanlovda loyihalarning dastur yo‘nalishiga mosligi, investitsiyaga tayyorgarligi, innovatsion va bozor salohiyati, kengayish imkoniyatlari, taklif etilayotgan yechimning mavjud muammoga mosligi hamda ishtirokchining hududi hisobga olinadi.
Tanlangan startaplar uchun dasturda ishtirok etish bepul. Arizalar 2026-yil 14-oktabrgacha havola orqali qabul qilinadi.
Avvalroq Spot innovatsion startaplar davlatdan 2 mlrd so‘mgacha mablag‘ jalb qilishi mumkinligi haqida yozgan edi.