Transport vazirligi fuqaro aviatsiyasi qoidalarini buzganlik uchun jarimalar belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini tayyorladi. Hujjat Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e’lon qilindi.

Loyiha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bir qator o‘zgartirishlarni kiritishni nazarda tutadi. Hujjatning kirish qismiga ko‘ra, o‘zgarishlardan maqsad havo transporti sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish, xizmatlar sifatini oshirish va parvozlar xavfsizligini ta’minlashdan iborat.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 116-moddasi — parvozlar xavfsizligi qoidalarini buzish bilan bog‘liq moddaga to‘rtta yangi huquqbuzarlik turi qo‘shiladi.

Xususan, havo kemalarini tegishli ruxsatsiz boshqarganlik yoki parvozlarni ta’minlash bilan bevosita bog‘liq faoliyat bilan shug‘ullanganlik uchun fuqarolarga BHMning 10 baravari (4,4 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa 20 baravari (8,8 mln so‘m) miqdorida jarima belgilash rejalashtirilmoqda.

Yo‘lovchilar yoki yuk sig‘imi me’yorlarini, maksimal uchish massasi yoki markazlashtirish bo‘yicha cheklovlarni buzgan holda parvozni amalga oshirish BHMning 15 baravari (6,6 mln so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Nosoz yoki foydalanish taqiqlangan havo kemasida parvoz qilish uchun BHMning 20 baravari (8,8 mln so‘m) miqdorida jarima undiriladi.

Agar samolyot yoki vertolyot belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan, tanish yoki ro‘yxatdan o‘tkazish belgisiga ega bo‘lmasa, jarima miqdori BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha (4,4−8,8 mln so‘m) bo‘lishi mumkin.

Kodeksning 117-moddasi ham qayta ko‘rib chiqiladi. Qonun loyihasi qabul qilinsa, ushbu moddada faqat havo kemasi komandiri yoki ekipaj a’zolarining harakatlanish qoidalariga rioya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalarini bajarmaslik uchun javobgarlik nazarda tutiladi.

Bunday qoidabuzarlik birinchi marta sodir etilganda BHMning 5−10 baravari (2,2−4,4 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llanadi. Bir yil ichida takroran sodir etilsa, jarima miqdori BHMning 15−20 baravarini (6,6−8,8 mln so‘m) tashkil etadi.

Shu bilan birga, samolyot bortida suratga olish, kino va videotasvirga olish yoki radioaloqa vositalaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun belgilangan jarima bekor qilinadi. Hozirda ushbu jarima BHMning 3−5 baravarini (1,32−2,2 mln so‘m) tashkil etadi.

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 198−10-modda kiritiladi. U Transport vazirligi yoki Fuqaro aviatsiyasi agentligi (O‘zaviatsiya) tomonidan berilgan ko‘rsatmalarga rioya qilmaslik holatlarini qamrab oladi.

Birinchi qoidabuzarlik uchun jarima fuqarolarga BHMning 20 baravari (8,8 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa BHMning 50 baravari (22 mln so‘m) miqdorida belgilanadi.

Takroran javobgarlikka tortilgan taqdirda, summalar mos ravishda BHMning 50 baravari va 100 baravarigacha (44 mln so‘m) oshadi.

Qonun loyihasi muhokamasi 24-oktabrgacha davom etadi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda ichki aviaqatnovlar chiptalari 20% gacha arzonlashtirilishi haqida yozgandi. Raqobat qo‘mitasi va Uzbekistan Airways hamkorligida 16-oktabrdan ichki aviachiptalar narxi pasaytiriladi.