Ilon Mask sun’iy intellekt, robototexnika va kosmik tadqiqotlar rivojlanishi natijasida kelajakda an’anaviy pullar o‘z ahamiyatini yo‘qotishi mumkinligini bildirdi. Bu haqda yozuvchi va jurnalist Uolter Ayzekson bilan The Builders podkastida suhbatlashganida aytdi.
Maskning fikricha, sun’iy intellekt va robotlar insonlardan ko‘ra ko‘proq vazifalarni samaraliroq bajara oladigan darajaga yetishi, kosmik faoliyat esa iqtisodiyot ko‘lamini keskin kengaytirishi mumkin.
Uning ta’kidlashicha, robotlar va kosmik texnologiyalar yordamida Yer iqtisodiyotidan million marta katta ko‘rsatkichlarga erishish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin. Bunday sharoitda hozirgi pul tizimining ahamiyati kamayadi.
Ayzekson an’anaviy pullar o‘z ma’nosini yo‘qotadimi, deb so‘raganida, Mask valyuta mavjud bo‘lib qolishini, ammo uning qiymati massa, quvvat yoki energiya kabi fundamental fizik kattaliklar bilan o‘lchanishi mumkinligini aytdi.
“Ha, pul o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Valyuta baribir mavjud bo‘ladi, ammo, menimcha, uning qiymati quvvat, massa va energiya kabi fundamental fizik kattaliklar bilan o‘lchanadi. An’anaviy valyuta kelajakda ahamiyatga ega bo‘lmaydi”, — dedi Mask.
Uning taxminicha, sun’iy intellekt va robotlar inson bajara oladigan barcha vazifalarni undan yaxshiroq bajaradigan kelajakda odatiy valyutaning hozirgi ahamiyati qolmasligi mumkin.
2025-yil aprelida ham Mask kelajakda pulning yo‘q bo‘lib ketishini bashorat qilgandi. Milliarderning qayd etishicha, balki kelajakda pul umuman bo‘lmasligi mumkin. Yoki pul bo‘ladi-yu, lekin uni vattlar bilan o‘lchash imkoni paydo bo‘ladi.
“Balki kelajakda pul umuman bo‘lmaydi. Yoki pul bo‘lsa ham, uni vattlarda o‘lchash mumkin bo‘lar. Misol uchun, elektr energiyasi nuqtai nazaridan qancha quvvat ishlab chiqarish mumkinligi bilan”, — dedi u va hazil aralash aksiyadorlarga “Tesla aksiyalarini ushlab turishga to‘g‘ri kelishi mumkin” degan fikrni qo‘shib qo‘ydi.
31-oktabr kuni milliarder Jo Roganning podkastida sun’iy intellekt (SI) 2030-yilgacha smartfonlarni butunlay almashtirishi mumkinligini aytdi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, neyrotarmoq o‘z egasining ehtiyojlariga mustaqil ravishda moslasha oladi.
Avvalroq Spot Ilon Mask Tesla Roadster “uchuvchi” elektromobilini namoyish etgani haqida yozgandi.
Narxi va sotuvga chiqish sanasi e’lon qilinmagan, biroq Maskning aytishicha, ishlab chiqarish 2028-yilda boshlanishi rejalashtirilgan.