31 yanvar kuni bo’lib o’tgan brifingda Markaziy bank 2019 yilda inflyatsiya jadallashuvining asosiy xatarlarini qayd etdi, deb xabar beradi Spot muxbiri.

Ta’kidlanishicha, asosiy xatarlar quyidagilar bilan bog’liq:

  • yuqori inflyatsiya kutilmalarining saqlanib qolinishi;
  • QQS to’lashning yangi mexanizmi joriy etilishi munosabati bilan ayrim toifadagi tovarlar va xizmatlar narxlarining oshishi;
  • energiya resurslari narxlarining oshishi natijasida ikkilamchi ta’sir ko’lamining kengaytirilishi.

2018 yilda inflyatsiya 14,3% ni tashkil etdi. Markaziy bankning qayd etishicha, yil oxirida inflyatsiya bosimi yuqoriligicha qoldi, bu omilning ham talab, ham chiqim tomondan ta’siri bilan izohlanishi mumkin. Misol tariqasida ichki talabning dinamikasi, tartibga solinadigan narxlarning o’sishi va valyuta kurslari dinamikasining ta’siri kabi omillarni keltirish mumkin.

Qayd etilishicha, 2018 yil sentyabr oyida qayta moliyalash stavkasining o’sishi kreditlash sharoitlarining keskinlashuviga olib keldi, natijada kreditlashning o’sish sur’atlari normallashdi.

“Noyabrda energiya resurslari uchun tartibga solingan narxlarning ko’tarilishidan ikkinchi darajali ta’sir ko’lami prognoz qilinganidan ancha past bo’ldi. Bu 2019 yilda ishlab chiqarish xarajatlarining oshishi sababli kechiktirilgan inflyatsiyaning kuchayishiga olib kelishi mumkin”, — deya Markaziy bankda ta’kidlandi.

Tashqi iqtisodiy sharoitlar to’rtinchi chorakda barqarorlashdi va ichki vaziyatga jiddiy bosim o’tkazmadi. Bundan tashqari, valyuta kursining o’zgaruvchanligi 2018 yilning oldingi choraklarida tashqi sharoitlar yomonlashuvining ta’sirini yumshatishga imkon berdi.

Umuman olganda, Markaziy bank 2019 yilga mo’ljallangan asosiy inflyatsiya prognozini 13,5 — 15,5% darajasida saqlab qoldi. Prognozlarga ko’ra, yillik inflyatsiya fevral-mart oylarida eng yuqori pog’onaga ko’tarilganidan so’ng sekinlashadi, ammo iyun oyida elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun tariflarning rejalashtirilgan o’sishi uning pasayishini to’xtatadi.