Prezident Shavlat Mirziyoyev “Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorga imzo chekdi.

Qarorga ko’ra:

1. 2021-yil 1-maydan boshlab tadbirkorlik subyektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi qo‘shimcha choralari joriy etiladi:

a) Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan:

  • Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmagan miqdordagi foiz stavkasi bilan kichik tadbirkorlik sub’ektlariga milliy valyutada beriladigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya, uning belgilangan miqdorlarini saqlab qolgan holda, taqdim etiladi;
  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan fuqarolarga tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun kredit miqdorining 75 foizigacha, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravaridan ortiq bo‘lmagan tijorat banklari kreditlari bo‘yicha kafillik beriladi;
  • tadbirkorlik sub’ektlariga bank kreditlari bo‘yicha kompensatsiya va kafilliklar kredit shartnomalari sonidan qat’i nazar beriladi. Bunda, kompensatsiyalar taqdim etilayotgan kreditlarning umumiy summasi 10 mlrd so‘mdan, kafilliklarning umumiy summasi esa 8 mlrd so‘mdan, biroq umumiy kredit summasining 50 foizidan oshmasligi lozim;

b) Eksportni rag‘batlantirish agentligi eksport qiluvchilar tomonidan tovarlar ular bo‘yicha to‘lovlarni kechiktirib to‘lash sharti bilan eksport qilinganda, ularning aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun revolver kreditlarni moliyalashtirishga tijorat banklariga moliyaviy resurslar taqdim etadi.

Bunda, ushbu resurslar hisobidan kreditlar to‘lovlar kechiktirilgan muddatga va eksport qilinayotgan mahsulotlar qiymati miqdorida, biroq 3 million AQSH dollari ekvivalentidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, yillik 4 foizli stavka (shundan, 2 foizi bank marjasi) bilan ajratiladi.

2. Yakka tartibdagi tadbirkorlar Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining kafillik va kompensatsiyalaridan foydalanish huquqiga egaligi ma’lumot uchun qabul qilinadi.

3. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilayotgan kreditlarning 70 foizi kichik biznes loyihalariga, 30 foizi ustuvor ravishda o‘zini o‘zi band qilishga yo‘naltiriladi.

Bunda, ajratiladigan mablag‘larning kamida 15 foizi joylarda, ayniqsa, shaharlarda xizmat ko‘rsatish sohasida kichik loyihalarni moliyalashtirishga qaratiladi.

4. 2021-yil 1-iyundan boshlab:

  • uch yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan hamda hisoblangan soliqlarni muddatida to‘lab kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga ko‘ra soliq qarzini to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin bo’ladi;
  • uch yildan ortiq vaqtdan buyon tovarlarni import qilish bilan shug‘ullanayotgan, bojxona to‘lovlari bo‘yicha majburiyatlarini bajarib kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga ko‘ra to‘lovlarni belgilangan muddatda to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi.

5. 2021-yil 1-maydan boshlab chet eldan xorijiy valyutadagi tushum tushishi kechiktirilishiga yo‘l qo‘ygan eksport qiluvchilar va “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimida tovarlarni respublikaga olib kirish va rasmiylashtirishni, ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatishni o‘z vaqtida ta’minlamagan import qiluvchilar uchun qonunchilikda belgilangan jarima miqdorlari ikki baravarga kamaytiriladi.

Qaror bilan batafsil quyidagihavola orqali tanishish mumkin.