Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ichki bozordagi narxlar boʻyicha monitoring olib bordi. Xususan, 2021-yil 12-mayidan 19-mayiga qadar Oʻzbekistonda asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan narxlarning viloyatlar, tumanlar va shaharlar boʻyicha oʻzgarish tahlili amalga oshirildi.

Hafta oxiriga kelib respublikada bir litr oʻsimlik yogʻining oʻrtacha narx 0,5% ga pasayib, 18945 soʻmni tashkil etdi. Oʻrtacha narxlar diapazoni Andijon viloyatida bir litr uchun 17045 soʻm, Toshkent shahrida 20331 soʻmgacha boʻlgan oraliqda oʻzgarib bordi.

12 ta viloyatda oʻsimlik yogʻi narxlarining pasayishi kuzatilmoqda, eng yuqorisi Navoiy (2,2%), Toshkent (0,9%), Qashqadaryo (0,8%) va Buxoro (0,8%) viloyatlarida qayd etildi.

Hafta davomida narxlar faqat 2 ta viloyatda: Xorazm (0,4%) va Jizzax (0,1%)da oshdi.

Quyida 12-maydan 19-maygacha mol goʻshti, sut, bugʻdoy uni, shakar, tuxum, kartoshka, guruch narxlarining oʻzgarishi keltirilgan.

Foto: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Hududlar kesimida eng yuqori narx oʻsishi quyidagichani tashkil etgan:

  • mol goʻshti Sirdaryo (0,7%) va Navoiy (0,6%) viloyatlarida;
  • sut Toshkent (2,5%), Qashqadaryo (0,4%) viloyatlarida;
  • tuxum Toshkent va Fargʻona (0,4%) viloyatlarida;
  • kartoshka Namangan (1,9%), Fargʻona (1,1%) viloyatlarida;
  • guruch Qashqadaryo (0,8%) viloyatlarida;
  • bugʻdoy uni Jizzax (0,8%), Fargʻona (0,2%) viloyatlarida;
  • shakar Sirdaryo (1,2%), Jizzax (0,4%) viloyatlarida, Toshkent (0,4%) shahrida kuzatildi.

Koʻrib chiqilayotgan hafta davomida asosiy isteʼmol tovarlari uchun narx muhiti nisbatan past darajada oʻzgaruvchanligi bilan ajralib turadi. Oʻtgan haftaga nisbatan (5-maydan 12-maygacha) mol goʻshti narxining oʻsish surʼati saqlanib qoldi, tuxum va kartoshka narxi pasayib ketdi, un va shakar narxlarining oʻsishi dinamikasi sezilarli darajada sekinlashdi.

Narxlarning eng katta pasayishi esa quyidagicha boʻldi:

  • mol goʻshti — Andijon viloyatida (0,3%);
  • sut — Qoraqalpogʻiston Respublikasida (2,6%), Jizzax (1,3%) va Samarqand (1,2%) viloyatlarida;
  • tuxum — Jizzax (3,1%), Qashqadaryo (2,5%), Navoiy (0,9) viloyatlarida;
  • kartoshka — Qashqadaryo (9%), Samarqand (5,4%) viloyatlarida va Toshkent (7,4%) shahrida;
  • guruch — Andijon (1,4%), Toshkent (0,8%), Fargʻona (0,4%) viloyatlarida,
  • bugʻdoy uni — Namangan va Toshkent (0,1%), viloyatlarida;
  • shakar — Xorazm (0,7%), Andijon (0,4%) viloyatlarida;

Avvalroq Spot, hududlardagi ishbilarmonlik faoliyati yuzasidan oʻtkazilgan monitoring haqida xabar bergan edi.