Samsung Electronics AQShning Texas shtatida zavod qurishda soliq imtiyozlarini qo’lga kiritish uchun ariza bergan, deyiladi Reuters nashri xabarida.

Loyiha $17 mlrdga mo’ljallangan bo’lib, zavod uchun qulay joy Uilyamson okrugi hisoblanadi.

Okrug ma’muriyati soliq imtiyozlari berish bo’yicha taklifni ko’rib chiqmoqda. Unga ko’ra 2029-yilgacha $4,25 mlrd soliq hajmi $80 mln gacha tushirilishi mumkin.

Agar hujjat tasdiqlansa, Samsung kelasi yilning birinchi choragida qurilish ishlarini boshlab yuboradi. Ishga tushirish esa 2024-yilga qadar amalga oshiriladi.

Texasda zavod qurish uchun ariza joriy yilning fevral oyida jo’natilgan edi.

Avvalroq Spot, Tesla mikrosxemalar ishlab chiqaruvchi zavod sotib olish imkoniyatlarini ko’zdan kechirayotganligi haqida xabar bergan edi.

Shaxsiy zavod yarimo’tkazgichlar muammosini yengib o’tishga yordam beradi, ammo moliyaviy tomondan katta investitsiya talab qiladi, deya fikr bildirmoqda ekspertlar.

Shuningdek, kompaniya Janubiy Koreya, Amerika Qo’shma Shtatlari va Tayvanda sanoat operatorlari bilan kelajakdagi komponentlar ta’minotini ta’minlash uchun oldindan chiplarni sotib olish bo’yicha muzokaralar olib bormoqda.