Sogʻliqni saqlash vazirligi umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyatiga karantin cheklovlari tatbiq etilmaydigan holatlar belgilangani haqida maʼlum qildi.
Unga koʻra, 2021-yil 10-avgustdan eʼtiboran:
- umumiy ovqatlanish obyektlari — restoran, kafe, oshxona va choyxonalarning ishchi va xodimlari (salomatligi boʻyicha qarshi koʻrsatma boʻlgan xodimlari bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qatʼiy nazar) kamida 2ta dozasi bilan emlanganligi toʻgʻrisidagi sertifikati boʻlgan taqdirda, ularga nisbatan soat 8:00dan 20:00gacha hamda faqat ochiq havoda faoliyat koʻrsatishi bilan bogʻliq karantin cheklovlari tatbiq etilmasligi belgilandi.
- Bunda umumiy ovqatlanish obyektlariga koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanganligi toʻgʻrisidagi QR-kodi yoki sertifikati mavjud boʻlgan tashrif buyuruvchilarni kiritish tavsiya etiladi (salomatligi boʻyicha qarshi koʻrsatma boʻlgan xodimlari bundan mustasno).
2021-yil 1-oktyabrdan boshlab esa:
- tadbirkorlik va xizmat koʻrsatish subyektlarining ishchi va xodimlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar (salomatligi boʻyicha qarshi koʻrsatma boʻlganlar bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qatʼiy nazar) kamida 2ta dozasi bilan emlanganligi toʻgʻrisidagi sertifikati boʻlmagan taqdirda, ularning faoliyat koʻrsatishi vaqtinchalik toʻxtatiladi.