Avvalroq Turizm va sport vazirligi 1hls.uz mobil ilovasi foydalanuvchilariga pul toʻlashni toʻxtatganligi haqida xabar bergan edi.

Vazirlik yana chiqish qilib, ushbu xabarlar haqiqatga toʻgʻri kelmasligi va axborot xizmati xodimi asossiz hamda tasdiqlanmagan maʼlumot berganini taʼkidlamoqda.

“Hozirgi pandemiya davrida aholi orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish hamda unga rioya qilish juda muhim. Shunday ekan, Turizm va sport vazirligi axborot xizmati mazkur xabarni yetkazishda xatolikka yoʻl qoʻygani uchun uzr soʻragan holda, platforma ishlashda davom etishini maʼlum qiladi. OAV vakillari va aholini chalgʻituvchi xabar bergan xodimga esa tegishli ogohlantirish berilganini maʼlum qiladi”, deyiladi vazirlik munosabatida.

Avvalroq Spot 1hls.uz platformasi oʻtgan oy davomida 203 ta gʻolib aniqlanganligi va umumiy hisobda 68 mln 900 ming soʻm mablagʻ toʻlab berilganligi haqida yozgan edi.