Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga koʻra, 2021-yilning oktyabr oyida aholi oʻrtasida avtomobil oldi-sotdisi boʻyicha shartnomalar soni joriy yilning sentyabr oyiga nisbatan 32,6% ga oshgan. Shuningdek, 2020-yil oktyabr oyi bilan taqqoslaganda oʻsish 10%ni tashkil qilgan.

Avtomobil bozorining sezilarli oʻsishi asosan ikkilamchi bozorda savdo hajmi oʻsishi bilan izohlangan. Oktyabr oyida 50,1 ming dona avtotransport vositalari sotilgan boʻlsa, sentyabr oyida ushbu koʻrsatkich 40,3 ming donani tashkil etdi (oʻsish — 24,3%).

Shuningdek, birlamchi avtomobil bozorida ham sezilarli jonlanish kuzatilgan. Oktyabr oyida 20,6 mingta yangi avtomobil sotilgan, bu esa sentyabr oyidagi koʻrsatkichga nisbatan 58,5% ga koʻproq.

Hududlar kesimida eng yuqori oʻsish surʼatlari Surxondaryo (60,4%), Navoiy (55,9%), Buxoro (53,4%) va Toshkent (50,2%) viloyatlarida kuzatilgan.

Maʼlumot uchun, yanvar-oktyabr oylarida respublika boʻyicha 152,2 ming dona yangi yengil avtomobillar, shundan 9,9 ming dona yoki 6,5% chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar roʻyxatga olingan.

Avvalroq Spot avtomobil sanoatida eng koʻp qaysi mashina ishlab chiqarilayotgani haqida yozgan edi.