“Red Wings” aviakompaniyasi Maxachqalʼadan Oʻzbekistonning Navoiy shahriga parvozlarni yoʻlga qoʻymoqda. Maxachqalʼa aeroporti matbuot xizmatining TASS-ga xabar berishicha, toʻrtta reys rejalashtirilgan.

Taʼkidlanishicha, “Red Wings” aviakompaniyasi Maxachqalʼadan Navoiy shahriga parvozlarni boshlaydi. Dogʻistondan parvozlar 25-dekabr va 8-yanvarga, ortga esa mos ravishda 26-dekabr va 9-yanvarga belgilangan.

Reyslar 100 nafargacha yoʻlovchini sigʻdira oladigan Sukhoi Superjet 100 samolyotlarida amalga oshiriladi.

“Bundan tashqari, Maxachqalʼa aeroporti ichki reyslar geografiyasini kengaytirmoqda. Kechagina biz Volgograddan birinchi toʻgʻridan toʻgʻri reysni amalga oshirdik”, — deya qoʻshimcha qilgan Maxachqalʼa aeroporti vakili.

Avvalroq Spot Rossiyaning 5 ta aviakompaniyasiga Oʻzbekistonga muntazam parvozlar uchun ruxsatnoma berilganligi haqida yozgan edi.