“Samarqand” xalqaro aeroporti 10-dekabrdan mintaqaviy va xalqaro qatnovlarga xizmat koʻrsatishni boshlaydi, deya xabar berdi “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati.

Taʼkidlanishicha, ayni paytda, uzunligi 3 105 metr va kengligi 60 metrlik uchish-qoʻnish yoʻlagi, samolyotlar uchun 24 ta turargoh, uchish yoʻlakchasi va perronni oʻz ichiga olgan yangi aerodrom kompleksi qurilishi toʻliq yakunlandi.

Aerovokzal majmuasining qurilishi davom etmoqda.

Eslatib oʻtamiz, “Samarqand” aeroporti 20-oktyabr kuni yangi aerodrom majmuasini ishga tushirishga tayyorgarlik koʻrish munosabati bilan yopilgan edi. Aviareyslar respublikaning boshqa — “Navoiy”, “Buxoro”, “Qarshi” xalqaro aeroportlariga vaqtincha yoʻnaltilib, yoʻlovchilar uchun Samarqandgacha yer usti qatnovi tashkil qilingandi.