23-dekabr kuni Pavel Durov oʻzining Telegram-kanalida TON loyihasining yangi egalari haqida oʻz fikrini eʼlon qildi. Uning aniqlik kiritishicha, endi kriptovalyuta Toncoin deb nomlanadi va u Telegramga aloqasi boʻlmaydi. Shunday boʻlsa-da u loyiha jamoasiga muvaffaqiyatlar tilagan.

“Telegram dasturlash tanlovlari chempionlari ochiq kodli TON loyihasini ishlab chiqishda davom etishi meni mamnun qildi, endilikda u Toncoinʼga oʻzgardi. Biz yaratgan texnologiya tirik va rivojlanib borayotganligidan faxrlanaman. Kengaytirish va tezlik haqida gap ketganda, TON hali ham barcha blokcheyn loyihalaridan oldinda. Loyihaning insoniyatga foyda keltirmasligini koʻrish uyat boʻlardi”, dedi Pavel.

Shu postdan keyin, kun davomida kriptovalyutaning narxi 20,3% ga oshib, bir birlik uchun $2,85 ni tashkil qildi. Hafta davomida narx 8% ga oshdi.

Pavel Durov TON blokcheyn loyihasi 2020-yilning may oyida Amerika sudi tomonidan bloklanganidan keyin yopilishini eʼlon qilgan edi.

Avvalroq Spot Pavel Durovning Telegram rivojlanib borayotganligi, odamlar ayrim korporatsiyalarning “ochkoʻz"ligidan charchaganligi haqidagi postini oʻzbek tilida havola etgan edi.