Energetika vazirligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, 4ta viloyatda quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish boʻyicha prezident qarorlari imzolandi. Ushbu qarorlarga asosan, 2023-yil yakuniga qadar umumiy quvvati 1 096,6 MVt boʻlgan 4ta quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushiriladi.

Xususan, 2023-yil oktyabr oyiga qadar Jizzax viloyatining Gʻallaorol tumani va Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon tumanida har birining quvvati 220 MVt boʻlgan 2ta, 2023-yilning dekabr oyiga qadar Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida quvvati 456,6 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi quriladi. Har uchala loyihani BAAning “Masdar” kompaniyasi amalga oshiradi.

Shuningdek, 2023-yilning noyabr oyiga qadar Navoiy viloyatining Nurota tumanida Niderlandiyaning “Phanes Energy Holding III B.V.” kompaniyasi tomonidan quvvati 200 MVt boʻlgan yana bitta quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilishi nazarda tutilmoqda.

Elektr stansiyalar

Bundan avval Turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan Toshkent viloyatining Qibray tumanida qurilgan, quvvati 240 MVt boʻlgan bugʻ-gaz elektr stansiyasining ochiq taqsimlash qurilmasiga ilk kuchlanish berilgan edi. 14-yanvardan boshlab esa Oʻzbekistonning yagona elektr tarmogʻiga quvvat uzatishni boshladi.

Shuningdek, ayni shu kompaniya tomonidan Buxoro viloyatining Buxoro tumanida qurilgan, quvvati 270 MVt boʻlgan gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasining ilk qurilmasi ishga tushirilgan. Mazkur elektr stansiya 11-yanvar kuni Oʻzbekistonning yagona elektr tarmogʻiga quvvat uzatishni boshladi.