“Сколково” Moskva menejment maktabi Oʻzbekistonga investitsiya va tashqi savdo sohasida mutaxassislar tayyorlashda yordam beradi, deb xabar bermoqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Vazir Sardor Umurzoqov “Сколково” rektori Yuriy Levin bilan uchrashdi. Tomonlar taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik istiqbollarini, shuningdek, qoʻshma taʼlim ekotizimini yaratishni muhokama qilishdi.

Umurzoqov va Levin vazirlik huzurida tashqi savdo va investitsiyalar boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash markazi tashkil etish masalasida suhbatlashishdi. Uning tinglovchilari orasida davlat xizmatchilari va korxonalar rahbarlari, shuningdek, yirik xususiy kompaniyalar rahbarlari boʻladi.

Markazda quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha malaka oshirish kurslarini tashkil etish rejalashtirilgan:

  • investitsiya faoliyati va loyiha tsiklini boshqarish;
  • loyihalarni maʼmuriy va huquqiy qoʻllab-quvvatlash;
  • loyihalarning moliyaviy va iqtisodiy jihatlari,
  • xalqaro toʻlov shakllari,
  • bojxona qonunchiligi,
  • infratuzilma va tashqi iqtisodiy faoliyatni avtomatlashtirish.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha Levin va Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari Xurram Teshaboyev hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumni imzoladilar. “Сколково” Oʻzbekistondagi davlat muassasalari, davlat va xususiy kompaniyalar xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha loyihalarda hamkor sifatida ishtirok etadi. Shuningdek, tomonlar strategik va operativ boshqaruv darajalarini birlashtiradigan taʼlim tizimini yaratishi mumkin boʻladi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Spot Rossiya Oʻzbekiston va Qozogʻistonga “raqamli attashe"larni joʻnatishi haqida yozgan edi.