Uzbekistan Airways Rostov va Krasnodarga parvozlar bekor qilinganini maʼlum qildi.

Rossiyaning Rostov-Don (Platov) va Krasnodar shaharlari xalqaro aeroportlari faoliyati vaqtincha toʻxtatilgani munosabati bilan, aviakompaniya bir qator muntazam qatnovlar bekor qilinganini bildirdi:

  • HY-9647/9648 Toshkent-Rostov-Don-Toshkent yoʻnalishida — 25, 27-fevral va 2-mart kunlari;
  • HY-9687/9688 Toshkent-Krasnodar-Toshkent yoʻnalishida — 27-fevral va 1-mart kunlari;
  • HY-3687/3688 Toshkent-Krasnodar-Toshkent yoʻnalishida — 2-mart kuni.

Bekor boʻlgan parvozlar yoʻlovchilari aviachiptalar toʻliq qiymatini chipta sotib olingan joyda qaytarib olishi yoki parvozlar qayta tiklanganidan keyin boshqa sanaga bepul qayta bronlash huquqiga ega.

Avvalroq, Uzbekistan Airways’ning Rossiyaga parvoz qilgan ayrim samolyotlari ortga qaytayotgani xabar berilgandi.