Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar moddiy yordam pullarini olish uchun bank filiallari oldida toʻplangani aks etgan videolar tarqaldi. “Xalq banki” moddiy yordam puli uchun bank filiallari oldida toʻplangan aholiga murojaat bilan chiqdi.

Maʼlum qilinishicha, “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarorga muvofiq, bir martalik moddiy yordam pullari faqatgina yoshga doir, nogironlik pensiyasi va nafaqasini oluvchilarga, bolalikdan nogironlik nafaqasini hamda boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini va nafaqasini oluvchi har bir oila aʼzosiga hamda oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalarni parvarishlash nafaqasini oluvchilarga beriladi.

“Bank filiallari oldida toʻplanishga hojat yoʻq. Moddiy yordam pullari belgilangan grafikka koʻra hududlarda tarqatiladi yo plastik kartalarga tushirib beriladi”, — deyiladi bank xabarida.

Bundan avvalroq UZCARD ham moddiy yordam bilan bogʻliq firibgarlik holatidan ogohlantirib, hech kimga SMS kod va shaxsiy maʼlumotlarni aytmaslikka chaqirgandi.