Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-iyun kuni Toshkent yerusti halqa metrosining ikkinchi bosqichi qurilishini borib koʻrdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xabarda qayd etilishicha, 2020-yilda Toshkent yerusti halqa metrosining “Doʻstlik-2” bekatidan “Qoʻyliq” bekatigacha boʻlgan birinchi bosqichi qurilgan edi. Bugungi kunda Qoʻyliqdan Sergeli yoʻnalishining 5-bekatiga eltuvchi ikkinchi bosqich barpo etilmoqda. Hozirgi kungacha 200 dan ziyod tayanch ustunlar oʻrnatilib, estakadalar qurilmoqda. Shavkat Mirziyoyev bu ishlarning sifatini koʻzdan kechirdi.

“Yerusti metrosi qurish tajribamizda yoʻq edi. Biz yangi tarix yaratayapmiz. Shuning uchun yoʻlning mustahkamligini yana bir marta jiddiy koʻrib chiqish kerak. Ikkinchidan, metroda, bekatlarda odamlar uchun zamonaviy, elektron xizmatlarni koʻpaytirish zarur”, dedi davlat rahbari .

Yerusti metrosining qariyb 12 kilometrlik bu qismida 7 ta bekat boʻladi. Ular orasidagi qatnov vaqti 13 daqiqani tashkil etadi. Mazkur yoʻnalish bir kunda 40 mingga yaqin yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega boʻladi.

Buning evaziga shaxsiy transportlarga ehtiyoj kamayib, tirbandlik bartaraf etiladi. Xususan, Qoʻyliq — Sergeli yoʻnalishida harakatlanadigan kunlik avtomobillar soni 32 mingtagacha qisqarib, transport oqimi 12 foiz kamayishi mumkin.

Umuman, ushbu bosqich qurib bitkazilishi bilan Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70 kilometrdan ziyod, bekatlar soni 50 ta boʻladi. Metroda yuruvchi kunlik yoʻlovchilar soni 600 minggacha yetadi. 245 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Bundan tashqari, jamoat transporti bilan yaxshi qamrab olinmagan mahallalarga 12 ta yangi avtobus yoʻnalishi ochilib, metro bekatlari bilan bogʻlanadi. Shuningdek, Toshkent viloyatidan poytaxtga kirib keluvchi 9 ta katta yoʻlda tezkor avtobus qatnovlari tashkil etiladi.

Shuningdek, qoʻshimcha jamoat transporti yoʻnalishlari ochish va ularni yoʻlovchi kam metro bekatlariga bogʻlash, poyezdlar vagonini 5 ta qilish va qatnov oraligʻini qisqartirish kabi choralar koʻzda tutilgan. Bularning natijasida metro harakatining tannarxi, aholining jamoat transportiga xarajati va kutish vaqti sezilarli qisqaradi. Shaharga kirib keluvchi yengil avtomobillar soni 97 mingtagacha, magistral koʻchalarda tirbandlik 10 foizgacha kamayishi mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu takliflarni maʼqullab, mahallalar aholisining metroga kelib-ketishi uchun qulayliklar yaratish, bekatlar yonida avto va veloturargohlar tashkil etish muhimligini taʼkidladi. Jamoat transporti uchun yana elektrobuslar olib kelish va ularga texnik xizmat koʻrsatuvchi mutaxassislar tayyorlash, tramvay yoʻli qurilishini jadallashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.