Spot avvalroq “Oʻzavtosanoat” kompaniya aksiyalarini ichki va xorijiy fond bozorlarida birlamchi joylashtirishni (IPO) tashkil etish uchun anderrayterlar konsorsiumini jalb qilish boʻyicha tender oʻtkazayotgani haqida yozgan edi.

2022-yil oxirigacha kompaniya oʻzining 5% gacha aksiyalarini Oʻzbekiston fond birjasiga joylashtirish niyatida.

Tender natijasida Freedom Finance boshchiligidagi konsorsium gʻolib deb topildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, 2023-yilda anderrayter tavsiyasiga koʻra chet elda joylashtirish uchun platforma tanlab olinadi. Kompaniyaning 25% gacha boʻlgan qismi unga qoʻyiladi.

Ichki va xorijiy fond bozorlarida IPO oʻtkazish kompaniyaga yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, faoliyatini kengaytirish, korporativ boshqaruvni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, shaffoflik va masʼuliyatni oshirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, IPO mahalliy bozorda investorlar uchun ayniqsa jozibador boʻlgan yangi qimmatli qogʻozlar taklifini yaratadi va likvidlikni oshirishga yordam beradi.

Avvalroq Spot “Avesta” boshchiligidagi konsorsium “Oʻzmetkombinat” aksiyalarining qoʻshimcha emissiyasini joylashtirishga tayyor anderrayter tanlash boʻyicha tenderda gʻolib chiqqani haqida yozgan edi.

UzAuto Motors 1993-yilda tashkil etilgan hamda Oʻzbekiston va Markaziy Osiyodagi yagona yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya hisoblanadi. Kompaniyaning ishlab chiqarish quvvati 360 mingtagacha avtomobilni tashkil etadi. Bugungi kunda kompaniyada 11 mingdan ortiq xodim ishlaydi.

Freedom Finance — Rossiyaning investitsiya kompaniyasi, Freedom Holding Corp tarkibiga kiradi. U brokerlik, bank, dilerlik va depozitarlik faoliyatini amalga oshiradi, qimmatli qogʻozlarni boshqarish xizmatlarini koʻrsatadi. Freedom Holding Oʻzbekiston bozoriga 2018-yilning bahorida kirib kelgan.