IT Parkning xabar berishicha, 15−16-iyul kunlari Jizzax yoshlari uchun “Hack4Region Jizzakh” xakatoni boʻlib oʻtadi.

Hack4Region Jizzakh — dasturchilar biror startap loyiha ustida ishlashi koʻzda tutilgan tadbir, loyihalar tanlovi. Tanlovda 14 yoshdan katta boʻlgan tashabbuskorlar, yosh dasturchilar, ixtirochilar, oliy oʻquv yurtlari talabalari ishtirok etishlari mumkin.

Startap loyiha quyidagi yoʻnalishlardan birini oʻz ichiga qamrab olishi lozim:

  • taʼlim
  • sogʻliqni saqlash
  • transport va logistika
  • tadbirkorlik
  • ekologiya
  • robototexnika
  • davlat xizmatlari.

Tanlov gʻoliblari 16-iyul kuni tashkilotchilarning maxsus sovgʻalari bilan taqdirlanishadi. Tanlovda ishtirok etish uchun arizalar ushbu havola orqali 12-iyulgacha qabul qilinadi.