Yoshlar kuni munosabati bilan boʻlib oʻtayotgan tadbirda prezident Shavkat Mirziyoyev internetda oʻzbek milliy kontentini yaratish va rivojlantirish uchun 10 mlrd soʻm mablagʻ ajratilishini aytdi.

“Hozir Wikipedia tarmogʻida Oʻzbekiston haqida 10 mingtadan ortiq maqolalar borligini eshitib xursand boʻldim. Ana shu tajriba asosida, internet tarmogʻida oʻzbek milliy kontentini rivojlantirish dasturi amalga oshiriladi”, dedi davlat rahbari.

Qayd etilishicha, Oʻzbekiston tarixini matnli va video kontentlar orqali targʻib qilishga alohida eʼtibor qaratiladi va 100 nafar buyuk oʻzbek alloma va mutafakkirlarning internetdagi maʼlumotlar bazasini yaratish, ularning asarlarini ommalashtiriladi.

“Wikipediada oʻzbek tilidagi maqolalar sonini 100 mingtaga yetkazish va xorijiy tillarda ham Oʻzbekiston haqidagi maʼlumotlarni joylashtirish yaxshi samara berishi shubhasiz. Ushbu maqsadlar uchun 10 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi. Bunday tadbirlarga, bilimli va shijoatli volontyor yoshlarni jalb qilish hamda ularning faoliyatini tizimli ravishda ragʻbatlantirib borish lozim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Avvalroq Spot Wikipedia portalining oʻzbek tili segmentini toʻldirish boʻyicha talaba-yoshlar oʻrtasida tanlov oʻtkazilishi haqida yozgan edi.