Jizzaxlik yoshlar AQSh kompaniyalari uchun autsorsing xizmatlarini amalga oshiradi. Bu haqda IT Park xabar bermoqda.

6-iyul kuni IT Parkning Jizzax filialida yangi IT-xizmatlari autsorsingi markazining (BPO Center) ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi, IT Park va “Codevision” MChJ vakillari ishtirok etdi.

Yangi BPO markazi Jizzax viloyatidagi ikkinchi markaz boʻlib, IT Park rezidenti “Codevision” MChJ bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Xabarga koʻra, korxona AQSh bozoriga media mahsulotlarini ishlab chiqarish xizmatlarini koʻrsatish maqsadida chet tillari va veb-dizayn yoʻnalishida tahsil olayotgan 15 nafar yoshlarni yuqori maoshli ish bilan taʼminladi.

Avvalroq buxorolik dasturchilar Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan hamkorlik qilishayotgani, viloyatda Masofaviy xizmat koʻrsatish markazi tashkil etilgani aytilgandi.

Markazda 50 nafar ishchi oʻrni yaratilgan boʻlib, unda 50 dan ortiq yoshlarni kasbga oʻrgatish va qisqa vaqt ichida ish bilan ta’minlash koʻzda tutilgan.

Mavzuga doir: Oʻzbekistonning innovatsion rivojlanish strategiyasi tasdiqlandi. Asosiy tushunchalar.