Joriy yilning olti oyida davlat va korporativ buyurtmachilar tomonidan o‘tkazilgan 4 512 ta tanlov savdolari tahlil qilindi, xabar beradi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining matbuot xizmati.

Natijada 2 305 ta savdo jarayonida 2 511 ta raqobatga zid holatlar aniqlandi.

Unga ko‘ra, 1 823 ta holatda savdolar o‘tkazishning qonunchilikda belgilangan tartibi buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Bundan tashqari, tovar yetkazib berish muddatlarini qisqa belgilash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri imzolangan shartnomalarni portalga joylashtirmaslik, ishtirokchilar takliflarini baholash mezonlarini buzish, ishtirokchilarning affilanganligini o‘rganmaslik holatlari aniqlangan.

419 ta holatda ishtirokchilar o‘zaro kelishgan holda raqobatga ta’sir qilgan bo‘lsa, 130 ta holatda buyurtmachi va ishtirokchi o‘rtasidagi kelishuvlar aniqlangan.

Shuningdek, 139 ta holatda buyurtmachi va ishtirokchi o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan.

Ya’ni buyurtmachi o‘z ta’sischiligidagi yoki o‘zaro manfaatdorlikka ega bo‘lgan korxona bilan shartnoma imzolagan.


Avvalroq “Spot” boshlang‘ich narxi 32 mlrd so‘mni tashkil etuvchi Toshkentdagi sog‘lomlashtirish markazi binosi sotuvga qo‘yilgani haqida xabar bergandi.

Auksion 22-avgustgacha davom etadi.