Prezident farmoni bilan O‘zbekistonning tijorat banklariga $100 mln kredit liniyasi ajratiladi.

Mablag‘lar Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni rivojlantirishga hamda Amudaryo deltasida kichik suv havzalarini yaratishga sarflanadi.

Shuningdek, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan moliyalashtirish ishlarini tashkil qilish belgilangan.

Xususan, hududda tadbirkorlikni rivojlantirishga $95 mln kredit liniyasi tijorat banklariga 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga beriladi.

Jumladan, kredit mablag‘lari yillik 10% stavkada milliy valyutada ajratilishi keltirilgan.

Tijorat banklari tomonidan kreditlar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun 10 mlrd so‘mgacha mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Mazkur kreditlar yillik 14% stavkada, 2 yilgacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga beriladi.

Bunda quyidagilar mustasno:

  • Uy-joy qurilishi;
  • savdo;
  • vositachilik sohasidagi loyihalar;
  • aksizosti tovarlar ishlab chiqaruvchilar;
  • davlat korxonalari va ustav jamg‘armasida davlat ulushi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar;
  • aylanma mablag‘larni to‘ldirish.

Shuningdek, Amudaryo deltasida kichik suv havzalarini yaratish uchun loyihani moliyalashtirishga $5 mln miqdorida qisqa muddatli kredit ajratilishi belgilangan.

Bunda kredit mablag‘lari Markaziy bankning asosiy stavkasi asosida ajratiladi.


Avvalroq davlat rahbari Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar bergandi.

Unga ko‘ra, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun hududda foyda solig‘i stavkasi 15%dan 7,5%ga tushiriladi.

Aylanma soliq stavkasi Nukus shahrida 4%dan 2%ga, tumanlarda 2%dan 1%ga, olis hududlarda esa 1%dan 0,5%ga pasaytiriladi.

Bundan tashqari, joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun rejadagi 650 mlrdd so‘mga qo‘shimcha ravishda 200 mlrd so‘m ajratiladi.

Shuningdek, ekin ekish xarajatlari uchun qoraqalpog‘istonlik fermerlarga 200 mlrd, dehqonlarga 50 mlrd so‘m ajratiladi.