O‘zbekiston Ural federal okrugi va butun Rossiya bo‘ylab sayohatchilar uchun Istanbul o‘rnini bosuvchi yangi tranzit markaziga aylanishi mumkin. Bu haqda “TACC"ga O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi bosh konsuli Abdusalom Xatamov ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, ayni paytda Uralning Yekaterinburg, Chelyabinsk va Tyumen shaharlaridan Buxoro, Navoiy, Samarqand, Toshkent va Namanganga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, Nijnevartovsk va Fargʻona oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni ochish masalasi ham faol ishlab chiqilayotgani aytilgan.

Bosh konsulning taʼkidlashicha, 2021-yil boshida, Ural federal okrugidagi Oʻzbekiston fuqarolari soni 215 ming kishidan ortiqni tashkil qilgan.

Hozirda bu koʻrsatkich oʻzgarmagan, chunki Uralda vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi Oʻzbekiston fuqarolarining kuchli kelish oqimi yoki ketishi kuzatilmadi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekistonga sakkiz oyda 3 million turist tashrif buyurgani haqida yozgandi. Shundan rossiyalik turistlar soni 316,9 mingni tashkil etdi.