“Meta” (Facebok) kompaniyasi bosh direktori Mark Sukerbergning boyligi yil boshidan buyon deyarli ikki baravarga — $71 mlrd.ga qisqardi, deya xabar berdi “Bloomberg” nashri.

Bu “Bloomberg Billionaires"ning milliarderlar indeksidagi eng katta pasayishdir.

2022-yil 1-yanvarda Sukerberg mazkur indeksda oltinchi o‘rinni egallagandi.

20-sentabr holatiga u 14 pog‘ona pastlab, hozir $55,3 mlrd boyligi bilan 20-o‘rinni egallab turibdi. Bu Sukerberg uchun 2014-yildan beri eng past ko‘rsatkichdir.

Fevral oyida “Facebook” oylik foydalanuvchilar sonini oshira olmadi. Bu kompaniya aksiyalari narxining tarixiy qulashiga olib keldi va Sukerbergning boyligi $31 mlrd.ga qisqardi.

2020-yilda Markning boyligi $106 mlrd.ni tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yil sentabrida u $142 mlrd.lik eng yuqori darajaga ko‘tarildi.

Oktabr oyida esa Sukerberg “Facebook” nomini “Meta” deb o‘zgartirganini e’lon qildi. Shundan so‘ng uning ahvoli yomonlasha boshladi.

“Kompaniyaning aksiyalari ham “Metaverse” investitsiyalari tufayli pasaymoqda. Sukerbergning o‘zi ta’kidlaganidek, o‘z maqsadlariga erishish uchun “Meta” yaqin uch-besh yil ichida katta mablag‘larini yo‘qotishi kerak'' — dedi “Needham & Co” kompaniyasining katta internet-tahlilchisi Laura Martin.