Avvalroq 2023-yildan boshlab QQS stavkasi 15% dan 12%ga tushirilishi ma’lum qilingandi.

Budjet daromadlarining asosiy manbai hisoblangan QQS bo‘yicha tushumlar o‘tgan yili 38,4 trln so‘mga yetib, jami daromadlarning 23,4% ini tashkil etgandi.

QQS tushumlarining 44%i sanoat tarmoqlari, 18%i qurilish tashkilotlari, 13%i ulgurji va chakana savdo korxonalarining hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Ekspertlar iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i, soliq yuki va QQS 3% punktgacha tushirilsa iqtisodiyotga qanday ta’sir etishini tahlil qilishdi.

Xususan, ular QQS bo‘yicha soliq yuki iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlari bo‘yicha notekis taqsimlanganligini ta’kidlashmoqda.

Ya’ni ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida soliq yuki 8,5%, qishloq xo‘jaligida salkam 5% bo‘lsa, qurilish va telekommunikatsiya xizmatlari yo‘nalishida — 79%, chakana va ulgurji savdoda 59%, sanoatda 43% ni tashkil etgan.

Bu iqtisodiyotning turli tarmoqlari va sohalari uchun bir xil sharoit yaratilishini hamda raqobat tamoyillarining amal qilish doirasini cheklaydi, deyiladi tahlilda.

Umuman olganda, iqtisodiyot bo‘yicha tarmoqlararo o‘rtacha nisbiy stavka 24% ni tashkil etdi. Bu QQSning hozirgi 15% li nominal stavkasi sharoitida, haqiqiy stavka 3,6% ni tashkil etishini anglatadi.

Soliq yukining eng yuqori darajasi narxlarning o‘zgarishi va ishlab chiqarishning boshqa sharoitlaridan qat’iy nazar ularga barqaror talab mavjud bo‘lgan tarmoqlarga xos.

Yuqori soliq yuki sanoat mahsulotlari eksportining o‘sishini cheklaydi. Chunki ushbu tarmoqlar uchun QQSning amaldagi yuqori stavkasi tarmoq mahsulotlari narxlarining oshishi va raqobatbardoshligining pasayishiga olib keladi.

Natijalar nimani ko‘rsatmoqda

QQS tovarlar/xizmatlar narxiga kiritilganligi sababli QQS nominal stavkasining 15% dan 12% gacha tushirilishi iqtisodiyotning real sektorida narxlarning pasayishiga olib keladi.

Narxlar umumiy indeksining 0,8% punktga pasayishi soliq tushumlari bo‘yicha yo‘qotishlar uchun kompensatsiya bo‘ladi.

Bunda narxlar pasayishiga qayta ishlash sanoati (39%), qurilish (14%) va ulgurji va chakana savdo (10%) tarmoqlari eng katta hissa qo‘shadi.

Ekspertlar soliq solish tizimidagi tez-tez o‘zgarishi optimal emasligini ta’kidlashmoqda.

Ammo QQSning tabaqalashtirilgan stavkalarini joriy etish masalasiga diqqat qaratsak, u o‘zini oqlamagan soliq imtiyozlarining aksariyatini bekor qilgan holda amalga oshirilishi zarur.

Bunda tayyor mahsulotning umumiy ishlab chiqarishdagi ulushi qancha yuqori bo‘lsa, QQS stavkasi ham shuncha past bo‘lishi kerak.

Bu esa korxonalarga yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish, qo‘shilgan qiymat ulushini oshirish va tez o‘sib borayotgan soliq yuki shaklida katta xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslikda yordam beradi.

Shuningdek, soliq maslahatchisi Murod Muxamedjanovning fikricha, QQSning 15%dan 12%ga tushirilishi soliq to‘lovchilarni xursand qilish bilan bir qatorda, ularni yuzaga — “qora” bozordan “oqqa” chiqishiga sabab bo‘ladi.

Bu esa, o‘z o‘rnida, mazkur yo‘nalish vakillarini soyadan qonuniy bozorga olib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.

“Tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, toki O‘zbekistonda ishlab chiqarish rivojlanmas va import hajmi ortib, monopoliya monopoliyaligicha qolverar ekan soliq qanchalik kamaytirilib o‘zgartirilmasin narxga ta’sir qilishi qiyin bo‘ladi”, — deydi mutaxassis.